Maktab o‘qituvchilari, bog‘cha tarbiyachilari bepul sog‘lomlashtiriladi

Sog‘liqni saqlash vazirligi yangi tashabbus bilan chiqdi. Unga ko‘ra, joriy yil 1 iyuldan 1 avgustgacha yurtimizda “O‘qituvchi va murabbiylar salomatligi oyligi” aksiyasi o‘tkaziladi.
Bu davrda mamlakatimizdagi ta’lim sohasi xodimlari — maktab o‘qituvchilari va bog‘cha tarbiyachilari profilaktik va chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘riklar hamda skriningdan o‘tkaziladi.
Ta’kidlash lozimki, ayni damda 10 118 ta umumta’lim maktabida 6,3 million nafardan ziyod o‘quvchiga qariyb 510 ming nafar o‘qituvchi ta’lim beradi.
Shuningdek, 29 420 ta maktabgacha ta’lim tashkiloti bo‘lib, ularda 2,1 million nafar bola tarbiyalanadi.
Aksiya davomida tibbiy tekshiruv natijalariga muvofiq, aniqlangan kasalliklar bo‘yicha davlat ko‘magida ularning salomatligini tiklash va mustahkamlash choralari ko‘riladi.