“Siyob va Qorasuv bir ma’noni anglatadi-ku”: Olimlar yangi tumanlar nomi bo‘yicha fikr-mulohazalarini bildirmoqda

Samarqand shahri tarkibida yangi tashkil etiladigan tumanlar haqida ma’lumotni o‘qib xursand bo‘ldim. Xabarlarda yozilishicha, shaharda Siyob, Qorasuv, So‘g‘diyona, Bog‘ishamol va Maroqand tumanlari tuzilishi rejalashtirilmoqda. Biroq bu tumanlarning nomlanishida, fikrimcha, biroz g‘alizliklar bor.

Birinchidan, Siyob bilan Qorasuv bir ma’noga ega bo‘lib, biri fors-tojikcha, ikkinchisi o‘zbek tilidagi ko‘rinishlari, xolos. Ya’ni, suvi qoramtir bo‘lgan soyga berilgan nom. Siyob tumanini balki Sohibqiron Temurbek yoki Samarqandning qadimgi buyuk hukmdori Alp Er To‘ng‘a (Afrosiyob) nomi bilan atash to‘g‘ridir.

Ikkinchidan, Maroqand Samarqandning qadimgi nomi emas.  Bu atama Samarqandning qadimgi va asl nomi «Semizkent» («Semirkent»)ning grek tilidagi buzilgan shakli. Shu sababli tumanni g‘alat tarzida «Maroqand» nomi bilan emas, balki manbalarda keltirilganidek, shaharning asl nomi «Semizkent» yoki «Semirkent» deb atash tarixan to‘g‘ri bo‘lardi.

Samarqandning asli nomi “Semizkent” ekanligini Abu Rayhon Beruniy ham yozib qoldirgan. Mahmud Koshg‘ariy va Beruniy fikrini XIII asr arman tarixchisi Sumbat ham tasdiqlab, shaharning ma’nosi “semiz yoki boy kent” ma’nosini anglatishini ta’kidlagan. Bu ma’lumotlar tarixchi Mirxondning «Ravzat us-safo» asarida, Boburning “Boburnoma” esdaligida ham («Semirkent» shaklida) o‘z tasdig‘ini topadi.

Sohibqiron Amir Temur saroyida Ispan qiroli elchisi bo‘lgan Rui Gonsales de Klavixoning “Samarqandga sayohat kundaligi”da nihoyatda muhim ma’lumotni keltiradi va shaharni nima uchun “Semizkent”ligini tushuntiradi:

“Bu o‘lka (Semizkent - E.M) barcha narsaga – non kabi sharbat va etga, meva-sabzavot va qush (parranda - E.M) larga boy; bu yerdagi qo‘ylar juda yirik bo‘lib, ularning quyrug‘i (dumbasi) juda semiz, ayrim quyruqlarning og‘irligi yigirma funt keladi, bunday dumbani bir kishi arang qo‘lida tutib tura oladi. Bu kabi qo‘ylar juda ko‘p bo‘lib, ular shu qadar arzonki, senor (Amir Temur – E.M.) qo‘shini bilan bu yerda turganida, bir juft qo‘ylarning narxi bir dukat edi. Boshqa tovarlar (ham) juda arzon... Bu kentning va yerining bu qadar boyligidan hayratimning cheki yo‘q. Shu boylik sabab u Samarqand deb ataldi, uning asl nomi Semizkent bo‘lib, boy kent demakdir. Semiz ularning tilida boy, kent – qo‘rg‘on ma’nosini anglatadi». Bunday talqin Xitoy manbalarida ham keltiriladi.

Shunday ekan, Samarqandning yangi tuzilayotgan tumanlari va ularning yuz yilliklarga tatiydigan nomlariga jiddiy e’tibor qaratish va bunda tarixiy haqiqatga rioya qilish, manbalarga suyanib ish ko‘rish maqsadga muvofiq bo‘ladi.

Erkin Musurmonov,

SamDU professori.

***

R/s: Albatta, maqolada keltirilgan fikrni qo‘llab-quvvatlamoqchi emasmiz. Ammo ko‘hna kent ziyolilari bu dolzarb masalaga befarq qarayotganligi taajjublanarli.