"Matematikadan qo‘rqmaslik kerak!" O‘zbekiston xalq o‘qituvchisi Feruza G‘affarovadan bir shingil saboq

Xuddi shunday, hayotimizdagi kichik muammolar, kimningdir achchiq gapi, noo‘rin muomalasi ham yuragimizda saqlanib yuraversa, bizni holdan toydiradi hamda vaqtimizni o‘g‘irlaydi. Vaqtimiz esa ezgu ishlarga yo‘naltirilmog‘i darkor. Axir bizning har bir soatimiz bolajonlarga bilim, ularning kelajagiga ishonch berish bilan o‘tishi kerak. Xo‘sh, o‘zimiz mayda-chuyda gaplardan siqilib yurgan            holatda bolalarni qanday qilib oldinga boshlay olamiz?".
Samarqand shahridagi 6-umumta’lim maktabi matematika fani o‘qituvchisi, "Mehnat shuhrati" ordeni, O‘zbekiston Respublikasi xalq o‘qituvchisi unvoni sohibi Feruza Gaffarovaning kasbdoshlari ishtirokida o‘tkazilgan kecha xuddi shunday fikrlar bilan boshlandi. Samarqand shahar xalq ta’limi bo‘limi tashabbusi bilan o‘tkazilgan uchrashuv ishtirokchilari bu so‘zlardan so‘ng hushyor tortdi, muallimani diqqat bilan tinglay boshlashdi. 
– Darsni ham aksar hollarda xuddi shu taxlit boshlashga harakat qilaman, – deydi F.Gaffarova. – Bolalar darsga kirishib olgach, mavzuni shunga monand tarzda tushuntiraman. Ko‘pchilikdan matematika juda og‘ir fan, uni o‘zlashtirish qiyin, hamma bolayam bu fanni tushunib ketavermaydi, buning uchun iqtidor bo‘lishi lozim kabi fikrlarni eshitganman. Dars jadvalida algebra so‘zini ko‘rgach, yuzini burishtiradigan o‘quvchilarni ham uchratganman. Nega? Shu tushunchalarni o‘quvchilar ongidan olib tashlash uchun avvalambor, ularga matematika olamini hayotiy misollar bilan tushuntirishga intilaman. Har bir bola, unutmang, hatto sinfda siz o‘zlashtira olmaydi, deb hisoblaydigan o‘quvchini ham uning ko‘p narsalarga qodirligini ishontirishga urinaman. 


Muallimaning matematikani o‘qitish borasidagi ushbu fikrlari balandparvoz gaplar emasligi uchrashuvda o‘qituvchilarga namoyish etilgan ko‘rgazmadan ham ma’lum bo‘ldi. Oddiy chizg‘ichdan tayyorlangan ko‘rgazmali vositalar, ishlatib bo‘lingan ruchkalardan yasalgan geometrik shakllar, qog‘ozdan turli shakllarga kiruvchi figuralar, hisob-kitoblarni amalga oshirishda qo‘llaniladigan, ishlatilishi oddiy bo‘lgan tokli moslama. Ularni tomosha qilarkansiz, beixtiyor raqamlar olamiga qiziqib qolganingizni sezmay qolasiz. Ayniqsa, aksariyatini ustozning o‘quvchilari yasaganini bilgach, Feruza Gaffarovaning o‘quvchilariga havasingiz keladi.
Darvoqe, Feruza opa yuzdan ortiq dars ishlanmalari muallifi, 20 dan ortiq metodik tavsiyalari nashr etilgan. "Atrofimiz geometriya" nomli 3D shaklida kitob-qo‘llanmasi respublika miqyosida ommalashtirilgan. O‘quvchilari viloyat, respublika bo‘yicha fan olimpiadalarida munosib ishtirok etgan.
Kecha boshlanishida kirib kelgan ishtirokchilarning yuz ifodasi bilan ularning chiqib ketayotganidagi holatida anchagina farq bor edi. Barchaning yuzida hayrat va havas, fidoyi o‘qituvchi bilan yanayam ko‘proq suhbatlashish istagi balqib turardi.