Mumtoz adabiyotshunoslik darg‘asi

Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universitetida “Akademik Botirxon Valixo‘jayev va mumtoz adabiyotshunoslik” mavzusida ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Fanlar akademiyasi hamda Samarqand davlat universiteti hamkorligida tashkil etilgan konferensiyada O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi, akademik, filologiya fanlari doktori, professor Botirxon Valixo‘jayevning o‘zbek adabiyoti tarixini o‘rganishdagi xizmatlari haqida so‘z yuritildi.

Konferensiya yalpi majlisida O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi vitse-prezidenti Bahrom Abduhalimov, Samarqand shahar hokimi Fazliddin Umarov, Samarqand davlat universiteti rektori Rustam Xolmurodov va boshqalar Botirxon Valixo‘jayevning mumtoz adabiyotimiz tarixini o‘rganish va tadqiq etish borasida amalga oshirgan ishlari, hayot yo‘li va yuksak insoniy fazilatlarini yodga oldilar. Olimning ilmiy merosini o‘rganishning ahamiyatiga e’tibor qaratildi.


– O‘zbek adabiyoti tarixini o‘rganishda Botirxon Valixo‘jayevning ilmiy faoliyati alohida o‘rin tutadi, – dedi O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi vitse-prezidenti Bahrom Abduhalimov. – Olimning ilmiy tadqiqotlari, xulosalari soha rivojiga ulkan hissa qo‘shgan. Ayniqsa, Alisher Navoiy hayoti va ijodi bo‘yicha amalga oshirgan tadqiqotlari natijasida shu paytgacha adabiyotimiz tarixida mavhum bo‘lgan ko‘plab masalalarga oydinlik kiritildi. Jumladan, Alisher Navoiyning Eronda saqlanayotgan qo‘lyozma asari Navoiyning dasxati ekanligini ilk bor qayd etgan olim sifatida e’tirof etiladi. Keyinchalik bu asar haqiqatda ham Alisher Navoiyning o‘z qo‘li bilan yozilgan asar ekanligi isbotlandi. Bundan tashqari, Botirxon Valixo‘jayevning ilmiy faoliyati o‘zbek adabiyotidagi aruz vazni, tazkirachilik, so‘fiylik ta’limoti masalalari bilan ham uzviy bog‘liqdir. Bu yo‘nalishlarda ham olim ulkan ilmiy muvaffaqiyatlarga erishgan. Eng muhimi, olimni Samarqandda o‘zbek adabiyotini o‘rganish, tadqiq etish bo‘yicha yirik maktab yaratgan ustoz sifatida alohida e’tirof etish lozim. Shu bois, Botirxon Valixo‘jayevning ilmiy faoliyatini o‘rganish bugungi kun uchun ham, kelajak uchun ham juda muhim hisoblanadi. Vazirlar Mahkamasining qaroriga asosan o‘tkazilayotgan bu konferensiya ushbu yo‘nalishdagi ishlar samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.

Ilmiy-amaliy konferensiya “Akademik Botirxon Valixo‘jayev ilmiy merosining o‘zbek adabiyotshunosligida tutgan o‘rni”, “Filologik ta’lim tarixi muammolari”, “O‘zbek adabiyoti tarixi va adabiy ta’sir masalalari”, “Adabiy matnshunoslik: nashr, ilmiy tahlil va talqin”, “Mumtoz asarlar tili va uslubi, o‘zbek tili tarixi muammolari” kabi shu’balarda davom etdi.

Olimlar, tadqiqotchilar tomonidan mavzu doirasidagi muhim masalalarga bag‘ishlangan ma’ruzalar tinglandi.

Alisher ISROILOV.