O‘qituvchining maqomi qachon oshadi?
Keyingi yillarda yoshlarning ta’lim olishga qiziqishi pasaygani kuzatilyapti. Shuning uchun ham ayrim maktablarda bitiruvchilarning birortasi oliy o‘quv yurtlariga kira olmayapti. Xo‘sh, bunga sabab nima? Ko‘pchilik, o‘qituvchilar sifatli ta’lim bermaganida, deyishi mumkin. To‘g‘ri. Ammo o‘qituvchi qachon o‘z ustida astoydil ishlab, sifatli ta’lim beradi? Urgut tumanidagi 7-umumiy o‘rta ta’lim maktabi direktorining o‘quv ishlari bo‘yicha o‘rinbosari, yigirma yillik pedagogik tajribaga ega Nargiza Mamatkarimova bilan suhbatimiz davomida shu savollarga javob izladik.
- Bugun o‘quvchilarni darsga qiziqtirish biroz mushkuldek. Maktablarda ta’lim sifatini oshirish uchun nima qilish kerak?
- Gapingizda jon bor, kechagi va bugungi o‘quvchilar o‘rtasida ancha farq bor. Ularni fanlarga qiziqtirish uchun har bir fan o‘qituvchisidan katta mahorat, bilim va tajriba talab etiladi. Shuningdek, o‘qituvchi zamon bilan hamnafas bo‘lgani holda ta’limga oid qonun hujjatlari bilan muntazam tanishib borishi lozim. O‘tgan yil “Ta’lim to‘g‘risida”gi qonun yangidan qabul qilindi. “Ta’lim-tarbiya tizimini yanada takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident qarori ham o‘qituvchilar uchun ayni muddao bo‘ldi. Ushbu hujjatlarning negizida o‘qituvchining maqomini oshirish maqsadi yotibdi. Ta’lim sifatini oshirish uchun, avvalo, o‘qituvchining maqomini ko‘tarish kerak.
- Sizningcha o‘qituvchining maqomi nega tushib ketdi?
- Keyingi yillarda ijtimoiy tarmoqlarda o‘qituvchilar haqida salbiy fikrlar ko‘payib ketdi. Masalan, o‘qituvchi dars jarayonida o‘quvchini haqorat qilgani yoki unga qo‘l ko‘targan holatlar videoga olinib, internetda joylashtirildi. Guruch ko‘rmaksiz bo‘lmasligi rost, ammo bu kabi salbiy holatlar o‘qituvchi obro‘sini tushirdi. Aholi o‘rtasida o‘qituvchilarga munosabat o‘zgardi. Aslida o‘quvchi darsga xalaqit bermasligi uchun o‘qituvchi unga tanbeh berishga majbur bo‘ladi. Shunday tarbiyasiz o‘quvchilar borki, o‘qituvchini mensimaydi, darsda hammaga xalaqit qilib o‘tiradi. Nega ijtimoiy tarmoqlarda mana shunday tarbiyasiz bolalar muhokama etilmaydi? Ularning ota-onalari kim, nega o‘zidan kattani pisand qilmasligi gapirilmaydi? Nega biz o‘qituvchining yaxshi tomonlarini ko‘rsatmaymiz? Faqat o‘qituvchidan ayb izlaymiz. Shunday o‘qituvchilar borki, 15-20 kilometr uzoqdan kelib dars beradi. Maoshining yarmi yo‘l kiraga sarf bo‘ladi. Aslida ularning fidoyiligiga rahmat aytishimiz kerak emasmi?
Bundan tashqari, ota-onalarning farzandini erka qilib tarbiyalayotgani ham o‘qituvchi maqomining tushib ketishiga sabab bo‘ldi. Masalan, bola ota-onasiga o‘qituvchidan shikoyat qilib borsa, ular maktabga to‘polon qilgani keladi. Ayrim o‘qituvchilar keyingi yillarda mana shunday janjallar tufayli ham o‘z sohasini tashlab ketdi. Biz bolaligimizda o‘qituvchimiz urishsa, ota-onamizga aytishga qo‘rqardik. Aytsak o‘zimiz gap eshitardik. Avvallari bolalarga tarbiya berishda ota-bobolarimizning “Bir bolaga yetti mahalla ota-ona”, degan ibratli maqoliga amal qilinardi. Afsuski, keyingi paytda bu maqol ham unutildi. Kattalarning o‘zlari asriy an’analarimizga amal qilmay qo‘ydi.
- Nima qilsak o‘qituvchining maqomi oshadi?
- Rivojlangan davlatlarda o‘qituvchi kasbiga hurmat bilan qaraladi. Yoshu qari, kim bo‘lishidan qat’iy nazar, avvalo, o‘qituvchini hurmat qiladi. Esingizdami, Yaponiyada bir qariya o‘zbek yigitini o‘qituvchi deb o‘ylab, unga jamoat transportida joy bergani haqidagi maqola ijtimoiy tarmoqlarda rosa sevib o‘qilgandi. Aslida ularning yutug‘i ham shunda. Bizda esa kattalarning o‘zi o‘qituvchini pisand qilmaydi. Avvalo, “O‘qituvching urishsa menga ayt”, deydigan ota-onalar bilan ishlash kerak, deb o‘ylayman. Ota-ona farzandi maktabda o‘zini qanday tutishi, darslarga tayyorgarlik ko‘rib kelganmi yoki yo‘qligini bilishi lozim. Mana shunda ba’zi tushunmovchiliklar barham topadi. Ota-onalarning o‘qituvchilarga munosabati ham o‘zgaradi. Agar kattalar oilada muallimni hurmat bilan tilga olsa, bola maktabda o‘qituvchini behurmat qilmaydi.
Karantin davrida ota-onalar o‘qituvchilarning mashaqqatli mehnatini his qilishdi, ko‘pchiligi minnatdorchilik aytib ketdi. Bu sinov qaysidir ma’noda o‘qituvchining mehnatini yuzaga chiqardi. Bundan to‘g‘ri xulosa qilganlar o‘qituvchining qadriga yetadigan bo‘ldi. O‘qituvchi va ota-ona o‘zaro hamkorlikni kuchaytirsa, bolaning ta’lim olishi mustahkamlanadi. Ta’lim sifatining oshishi o‘qituvchining obro‘sini ko‘taradi.
- Agar o‘qituvchi tomonidan biron salbiy xatti-harakat sodir bo‘lsa, qanday yo‘l tutasiz?
- O‘qituvchi tomonidan biron nojo‘ya xatti-harakat sodir etilsa, uni boshqalarning oldida izza qilmayman. Alohida o‘zi bilan gaplashib, xatosini tushuntiraman. Ammo bolaning ota-onasi oldida o‘qituvchiga tanbeh berib, uyaltirmayman. Pedagogik yig‘ilishlarda ham o‘qituvchilarning oldida o‘qituvchining aybini yuziga solmayman. Bunday ish tutadigan rahbarlar xato qiladi. Rahbar har bir xodimning o‘zi bilan gaplashishi, muammolarni o‘zaro hal etishi kerak.
To‘g‘ri, ba’zida to‘polonchi o‘quvchilarni tartibga solish biroz qiyin kechadi. Ular bilan til topishish uchun psixologiyaga oid kitoblarni o‘qib turaman. Kimga qanday muomala qilishni o‘rganaman. O‘qituvchilarga ham psixologiyaga oid kitoblar o‘qishni maslahat beraman.
- O‘qituvchi sifatli ta’lim berishi uchun nima qilishi kerak?
- Har bir mahsulotni sifatli chiqishi uchun unga raqobatchi bo‘lishi kerak. Xuddi shunday ta’lim sifatini oshirish uchun ham maktablarga o‘qituvchilar saralab olinishi lozim. Ammo bizda o‘qituvchilar yetishmagani bois raqobat u yoqda tursin, hatto ayrim fanlardan mutaxassis o‘qituvchining o‘zini topish muammo bo‘lmoqda. Sababi, keyingi yillarda yoshlar o‘qituvchilik kasbini tanlamay qo‘ydi. Bu ham o‘qituvchining maqomi tushib ketgani bilan bog‘liq.
Xorijda ish beruvchi har bir xodimining oilaviy ahvoli, muammolarini so‘rab turar ekan. Xodim yaxshi kayfiyat bilan ishni boshlasa samaradorlikka erishishini bilgan boshliqlar shunday yo‘l tutarkan. Shuningdek, yaxshi mehnat qilgan xodimlar rahbariyat tomonidan rag‘batlantiriladi. Maktab direktori ham darsga kirayotgan o‘qituvchining yaxshi kayfiyatda ekanini bilishi, uni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashi kerak. O‘zingiz o‘ylab ko‘ring, yaxshi kayfiyatda darsga kirgan o‘qituvchi o‘quvchilarga qanday dars beradiyu, yomon kayfiyatdagi o‘qituvchi qanday dars beradi?
O‘qituvchi mehnatiga yarasha rag‘batlantirib turilsa, u o‘z ustida ishlaydi. Aksincha bo‘lsa, kasbidan ko‘ngli soviydi. Masalan, bizda shaffoflik yo‘lga qo‘yilgan, shuning uchun ham o‘qituvchilarimiz muntazam o‘z ustida ishlaydi. Yaqinda 17 nafar o‘qituvchi toifasini oshirish uchun attestatsiya komissiyasiga ariza berdi.
Bundan tashqari, Samarqand davlat universiteti professor-o‘qituvchilari bilan hamkorlikda ishlayapmiz. Ular haftada bir marta maktabga kelib, ona tili, matematika fanlaridan seminar-treninglar o‘tmoqda. Bu kabi sa’y-harakatlar yaqin yillarda o‘z mevasini beradi, albatta.
Xurshida Ernazarova suhbatlashdi.