Toshkentda savdo majmuasining bino konstruktsiyasi​​ qulashi natijasida 6 nafar quruvchi jarohatlanib, ulardan 4 nafari vafot etgan

Joriy yilning 28 avgust kuni soat taxminan 13:00 da poytaxtimizdagi Nurafshon ko‘chasida qurilayotgan “Riviera” savdo majmuasi hududida qurilish-ta’mirlash ishlari olib borilayotgan vaqtda yuqoridan temir konstruksiya qulagan. Oqibatda 6 nafar quruvchi jarohatlanib, ulardan 4 nafari vafot etgan. 2 nafari esa Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markaziga yotqizilgan.

Jarohatlanganlar zudlik bilan tekshiruvlardan o‘tkazilib, belgilangan tartibda shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatilmoqda. Jumladan, O.Sh. o‘ng tavon suyagining sinishi tashxisi bilan o‘rta og‘ir ahvolda, Z.R. esa aralash travma, chap yelka suyagining sinishi tashxisi bilan yotqizilgan.

Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabariga ko‘ra, bemorlar malakali shifokorlarning doimiy nazoratida bo‘lib, ularga barcha kerakli tibbiy muolajalar ko‘rsatilmoqda. Vaziyat yuzasidan qo‘shimcha ma’lumotlar beriladi.