Qurbon hayiti kunlari Samarqandda "svet" o‘chmaydimi?
“Hududiy elektr tarmoqlari” AJ Samarqand hududiy filiali rahbar va xodimlari odamlarning shu savoliga aniq javob berish, elektr ta’minotida uzilishlar bo‘lmasligini ta’minlash maqsadida zarur ishlarni bajarmoqda.
Avvalo, viloyatimizdagi mavjud hayit namozi ado etiladigan jome masjidlarni uzluksiz elektr energiyasi bilan ta’minlash masalasi alohida nazoratga olindi, - deyiladi “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ Samarqand hududiy filiali axborot xizmati bergan xabarda. - Xususan, 286 ta jome masjidni elektr energiyasi bilan ta’minlovchi elektr tarmoqlari hamda transformator punktlarida texnik ko‘rik va profilaktik ishlar amalga oshirildi. Mutaxassislar tomonidan ehtimoliy nosozliklarning oldini olish, elektr ta’minoti barqarorligini ta’minlash yuzasidan zarur choralar ko‘rildi.
“Hududiy elektr tarmoqlari” AJ Samarqand hududiy filiali mas’ullari hayit namozi o‘qiladigan masjidlardagi elektr ta’minoti holatini joyiga chiqib yana bir bor ko‘zdan kechirdi. Unda masjidlarning qo‘shimcha UPS qurilmalari va dizel generatorlari bilan ta’minlangani nazoratdan o‘tkazildi.
Bayram kunlari aholi va barcha iste’molchilarni uzluksiz elektr energiyasi bilan ta’minlash maqsadida har bir hududda mas’ul mutaxassislarning kecha-kunduz navbatchiligi yo‘lga qo‘yildi. Elektr ta’minoti barqarorligini ta’minlash bo‘yicha nazorat va monitoring ishlari doimiy ravishda davom ettiriladi.
Bu harakatlar yurtdoshlarimizning Qurbon hayitni xotirjam, qulay va munosib sharoitda nishonlashlariga xizmat qiladi.