Sirkni Tsirk deb atamang

Mamlakatimizda lotin yozuviga asoslangan yangi o‘zbek alifbosiga to‘liq o‘tishni ta’minlash yuzasidan aniq vazifalar belgilangan. Jumladan, ish hujjatlari iyun oyidan lotin alifbosida yuritilmoqda. Joylarda imlo qoidalari, davlat tili talablari bo‘yicha targ‘ibot ishlari kuchaytirilyapti.

Afsuski, xodimlarning lotin alifbosidagi savodi ba’zan og‘riqli muammoga aylanayotgani bor gap. Ayniqsa, o‘ va g‘ harflarini kompyuterda yozishda tutuq (’) belgisidan foydalanish ko‘p uchraydi.

Bu harflar klaviaturada maxsus tugmachaga bog‘lab ifodalanmagani muammoning asosiy ildizi edi.

Shuni hisobga olib, Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti tomonidan maxsus elektron ilova ishlab chiqildi.

Dastur istalgan kompyuterga oson oʻrnatiladi. Tillar qatorida UZB belgisi paydo boʻladi. Bunda W tugmasi oʻ, `(kirill alifbosidagi Ё) tugmasi gʻ harfini ifodalaydi.

Bundan tashqari, “Alt” tugmasini bosgan holda 0145 raqamlarini ketma-ket terish orqali ham ʻ belgisini hosil qilish mumkin.

Ko‘p uchrayotgan imlo xatolaridan yana biri kirill alifbosidagi ц harfi bilan bo‘g‘liq. Lotin alifbosida ushbu tovush so‘z o‘rniga ko‘ra, s yoki ts shaklida yoziladi. Jumladan, so‘z boshida yoki undosh harflardan keyin kelsa s, unli harflardan keyin kelsa ts tarzida ifodalanadi. Цирк – Sirk, Конституция – Konstitutsiya, Конференция – Konferensiya kabi.

Xodimlar ish hujjatlarini yuritishda ushbu jihatlarni hisobga olishlari kerak.

Asqarbek QURBONOV,

Jomboy tumani hokimi maslahatchisi.