Ta’lim – taraqqiyot tayanchi
Butun umrim ta’lim sohasida o‘tdi, rahbarlik lavozimlarida ham ishladim, yoshligimdan ilmga mehr qo‘ydim, umrimni o‘qishga, ilmga bag‘ishladim. Shu sababli jamiyatda ta’lim sohasida kechayotgan jarayonlarga befarq bo‘la olmayman.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev xalq manfaatlari yo‘lida milliy iqtisodiyotni yuksaltirish, uni taraqqiyotning yangi marralariga olib chiqish, dunyo hamjamiyatida mamlakat mavqeini mustahkamlashga, mavjud barcha imkoniyatlarni birin-ketin ishga solishga astoydil harakat qilmoqda. Bu oliyjanob maqsad va vazifalarning bajarilishi, ularning real natijalari, birinchi navbatda, mamlakatda shakllangan kadrlar korpusining salohiyati, ularning salohiyati bilan belgilanadi. Bilimli, yuqori malakali va har bir ishni, uning muhimlik darajasi va ko‘lamidan qat’i nazar, yuksak saviyada uddalay oladigan rahbarlar, mutasaddi shaxslar, mutaxassislargina har qanday murakkab vazifalarni bajarishga qodir.
Mamlakatda innovatsion iqtisodiyotni shakllantirishning eng asosiy muammosi – kadrlar ta’minoti, ularning bilimi, malakasi, ta’lim sifati. Nazarimda, O‘zbekistonda ta’lim sifati bugungi kun talablariga, milliy iqtisodiyot ehtiyojlariga, eng achinarlisi, yoshlarimizning salohiyat darajasiga tamoman mos kelmaydi. Kimlargadir yoqmasa-da, bu – haqiqat.
Men atrofimda bo‘layotgan ishlarni, o‘quvchi-talabalar, professor-o‘qituvchilar, ota-onalarning ta’limga, ilmga bo‘lgan munosabatlarini, rasmiyatchilikka to‘lib-toshgan, ammo amaliy samarasi past bo‘lgan chora-tadbirlarni kuzatib, iztirob chekaman. Iste’dodli yoshlarimizda mavjud salohiyatni, yuksak qobiliyatni ro‘yobga chiqarishga yo‘l bermayotgan, unga to‘sqinlik qilayotgan ta’lim tizimidan dilim g‘ashlanadi. Vaholanki, yoshlarning salohiyatini ro‘yobga chiqarmagan va ulardan unumli foydalana olmagan mamlakat hech qachon boy bo‘lmaydi. Ko‘rib turibmiz, bu ishni uddalash, yoshlar iqtidorini mamlakat taraqqiyotining asosiy omiliga aylantira olgan Farb mamlakatlari xalqlari boy va farovon hayot kechirmoqda. Biz esa ularga havas bilan qaraymiz, ularning safidan o‘rin olishni orzu qilamiz, lekin tom ma’nodagi bu boylikdan oqilona foydalanishga hech shoshilmaymiz. Ba’zan ilm ahli, professor-o‘qituvchilar doirasida shu mavzuda gap ketganida, "Ha, mana, yaxshi jarayonlar boshlandi, endi asta-sekin hammasi izga tushib ketar", qabilidagi gaplarni eshitamiz. Optimizm – sabr-qanoatli xalqimizga xos ajoyib xislat. Lekin mening nazarimda, bu yerda gap optimizmdan ko‘ra ko‘proq taraqqiyotimizga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan bamaylixotirlik, murosasozlik, aniqrog‘i, mas’uliyatsizlik ustida ketyapti. Axir, biz, pedagoglar, professor-o‘qituvchilar – yosh avlodni bilimli, o‘qimishli, madaniyatli qilib tarbiyalashga bevosita mas’ul shaxslar, agar joiz bo‘lsa, ta’limning shunday ayanchli ahvolga tushib qolishiga muayyan darajada aybdor bo‘lganlar jamiyatda hamma narsa asta-sekin izga tushib ketishini kutib yurishimiz kerakmi? Jamiyatda paydo bo‘lgan imkoniyatlardan o‘rinli foydalanib, yurtimizda ta’lim sifatini tubdan oshirishning asosiy tashabbuskorlari bo‘lishimiz kerak emasmi?
Jamiyat taraqqiyotining hozirgi bosqichida ta’lim mamlakatni rivojlanish va saodatga eltuvchi ravon yo‘lning boshida turgan temir darvozaning oltindan yasalgan kaliti, desak xato bo‘lmaydi. Shu kalitni ishga solib, ravon yo‘lga chiqmas ekanmiz, jadal rivojlanish strategiyasi shirin xayolligicha qolaverishi, davlat rahbari jon kuydirib, jamiyat oldiga qo‘yayotgan muhim vazifalarning yechilishida jiddiy muammolar tug‘ilishi turgan gap. Agar biz o‘zimizni aldab, yupatish maqsadida taraqqiyot, rivojlangan mamlakatlar safidan o‘rin olish to‘g‘risida gapirib yurgan bo‘lsak, unda ta’lim tizimidagi illatlar o‘z-o‘zidan barham topib, hamma narsaning izga tushib ketishini bamaylixotir va uzoq vaqt kutib yurishimiz mumkin. Bu achchiq, lekin hayotiy haqiqatni O‘zbekistonda yashayotgan va mamlakat kelajagiga befarq bo‘lmagan har bir fuqaro, ayniqsa, ziyolilar chuqur anglab yetmog‘i shart.
Mas’uliyat kimning zimmasida?
Ta’lim sifatini tubdan yaxshilash muammosini hal qilishning yakka-yagona yo‘li – bu tizimni korrupsiyaning har qaday ko‘rinishlari va illatlaridan xalos etish, mamlakatda shaffof, sifatli bilimni rag‘batlantirishga yo‘naltirilgan ta’lim tizimini shakllantirishdan iborat. Buning uchun sohaga bevosita daxldor bo‘lgan barcha tomonlar birgalikda harakat qilmog‘i, ta’lim jarayonida kechayotgan murakkab jarayonlarning passiv kuzatuvchilaridan bilim sifatini oshirishning faol kurashchilariga aylanmog‘i lozim.
Bilimga daxldor tomonlar: birinchisi – ta’lim tizimini tartibga solish va boshqarishda ishtirok etuvchi davlat qonunchilik, ijro va nazorat organlari; ikkinchisi – ta’lim xizmatlari iste’molchilari, ya’ni talaba-o‘quvchilar; uchinchisi – ta’lim xizmatlarini ko‘rsatuvchilar, ya’ni professor-o‘qituvchilar. Va to‘rtinchisi – ota-onalar.
Ta’lim sifatini tubdan oshirish muammosini muvaffaqiyatli yechish uchun ular birgalikda, o‘zaro yaqin hamkorlikda va har biri alohida mustaqil bo‘g‘in sifatida ishlab chiqarishni bilimli mutaxassislar bilan ta’minlab berishga harakat qilmog‘i lozim. Nazarimda, hozir ularning har biri alohida va hammasi birgalikda ta’lim sifatiga teskari yo‘nalishlarda harakat qilmoqda. Fikrimning isboti sifatida ayrim dalillarni keltirmoqchiman.
Birinchi tomon – ta’limni idora qiluvchi davlat tuzilmalari. Kirish test imtihonlari davlat xavfsizlik xizmati vakillarining bevosita ishtirokida va qattiq nazorati ostida o‘tkaziladi. Shunga qaramasdan oliy o‘quv yurtiga faqat bilimi bor yoshlarni saralab olish muammosi hal bo‘lmayapti. Bu holatning asosiy sababi shundaki, ushbu tashkilot ta’lim sifati ko‘rsatkichlari bo‘yicha davlat oldida hisobot bermaydi, uning asosiy javobgarligi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligida. Modomiki, ta’lim sifatining javobgarligi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi zimmasida ekan, demak, saralab olish jarayonini o‘zi qat’iy nazorat ostiga olmog‘i lozim.
Ikkinchi tomon – o‘quvchi-talabalar. Bilim olish, hozirgi zamon fanidagi murakkab mazmunni o‘zlashtirish – inson faoliyatining barcha turlari o‘rtasida eng og‘iri va chinakamiga mashaqqatlisi, desak hech xato bo‘lmaydi. Yoshlar, ayniqsa, bolalar zerikarli, katta mehnat va kuchanish talab qiladigan fanni o‘rganishdan ko‘ra, o‘yin, tomosha, sport, badiiy kitob o‘qish, televizor ko‘rish, internetga ulanishni xush ko‘radilar. Bu tabiiy hol. Darslik qanchalik qiziqarli tilda yozilgan bo‘lmasin, o‘qituvchi darsni qancha qiziqarli o‘tishga harakat qilmasin, baribir u fanligicha qolaveradi va hech qachon 10 yoshar bola futbol tepishga nisbatan boshini qotirib tenglama yechishni afzal ko‘rmaydi.
Murod Muxammedov,
iqtisod fanlari doktori,
SamISI professori.
(Davomi bor).