Ta’lim – taraqqiyot tayanchi

(Boshlanishi gazetaning
18, 19-sonlarida).

Mas’uliyat kimning zimmasida?

Natijada ular o‘z qobiliyatining pastligidan ruhiy tushkunlikka tushadi, shaxs sifatida o‘zlariga bo‘lgan ishonchni yo‘qotadi. Vaholanki, o‘qishga katta ishtiyoqi bo‘lmagan farzandni amallab o‘qitib, 4-5 yil qimmatli umrini isrof qilib, kelajakda uning beburd bir "mutaxassis" bo‘lishiga sababchi bo‘lgandan ko‘ra, uni tabiat in’om etgan qobiliyatiga muvofiq biron boshqa yo‘lga boshlash katta ijobiy samara berishi mumkin. Masalan, shu farzanddan zo‘r tadbirkor, yaxshi bir noyob hunar sohibi, qo‘li gul usta chiqishi mumkin. Farzandiga yaxshilik qilish maqsadida qilingan harakat pirovard natijada jamiyatga ham, ota-onaga ham, ularning o‘sha jondan aziz farzandlariga ham katta zararlar keltiradi. 

Uchinchidan, ota-onalar o‘z farzandiga yaxshilik qilaman, deb amaldagi qonun normalarining qo‘pol tarzda buzilishiga sababchi bo‘ladi va o‘zlarini jinoiy ishning bevosita ishtirokchisiga aylantirib qo‘yadi. Xalqimizda "Bola – aziz, odobi undan aziz", degan naql bor. Ota-onalar xalqimizning ana shu dono o‘gitlariga qat’iy rioya qilmoqlari, agar joiz bo‘lsa, unga "Bola – aziz, lekin haqiqiy bilim – juda muhim", tahriri ostida ozgina o‘zgartirish kiritmoqlari lozim. 

Demak, mamlakatimizda ta’lim sifatining ayanchli ahvolga tushib qolganiga har to‘rtala tomon ham aybdor. Davlat rahbari o‘z Murojaatnomasida o‘zimizdagi muammolarni faqat o‘zimiz hal qilishimiz, o‘zimiz harakat qilmasak, ularni biz uchun boshqalar hal qilib bermasligini alohida e’tirof etgan. Kamchilik va xato har ishda bo‘lishi muqarrar. Shuning uchun xatoga yo‘l qo‘yish gunoh emas, balki uni jur’atsizlik qilib, yashirish, xaspo‘shlab, sir tutish katta gunoh, chunki tan olinmagan xato hech qachon tuzatilmaydi, aksincha, davosiz dardga aylanadi. Erkin konvertatsiyaning mustaqillikning dastlabki yillaridayoq qilinmagani xalqimizga qanchalik qimmatga tushgani va vaqt o‘tgan sari yanada og‘irroq muammoga aylanib borgani fikrimning aniq dalilidir.

Ta’lim sifatini tubdan yaxshilash muammosini hal qilsa bo‘ladi. Buning uchun hamma tomonlarini qamrab olgan holda katta aql bilan ish tutish kerak. Bir zamonlar yoshlarning harbiy xizmatga safarbarligi jamiyat uchun muammo edi, aql bilan ish tutilgandan keyin harbiy xizmatga borish sharafiga muyassar bo‘lish endi yoshlarimiz uchun muammoga aylanib qoldi.

Real hayotda ta’lim sohasi erishishi mumkin bo‘lgan barcha natijalarning samarasini yo‘qqa chiqarayotgan narsa bu – o‘quvchi-talabalar bilimini baholashda ob’yektivlik mezonlarining buzilayotganligi, deb hisoblayman. Chunki aynan ana shu nuqtada ko‘p tomonlarning manfaatlari kesishadi. Oxir-oqibatda shaxsiy manfaatlar ustunlik qiladi va davlat standartlari mezonlari chetga surilib, o‘quvchi-talabaning hali shakllanmagan, mavjud bo‘lmagan bilimiga ijobiy baho qo‘yib yuboriladi. Mas’uliyatni his qilmaydigan odamlar uchun oddiygina tuyulgan ana shu noob’yektiv bahoning qo‘yilgani bilimsiz kadr tayyorladik, deganidir. Bundan yoshlar (o‘z salohiyatlarini ruyobga chiqarish imkoniyatidan mahrum bo‘lib, savodsiz bo‘lganliklaridan), xalq (katta mashaqqatlar bilan topgan pulini behudaga, noqonuniy yo‘llarga sarflaganidan), davlat (iqtisodiy o‘sish sur’atlarining keskin pasayganligidan), jamiyat (ijtimoiy adolat tamoyillarining buzilganidan) juda katta zarar ko‘radilar. Ta’lim sifatiga, ta’lim berayotgan olimlar, pedagog-o‘qituvchilar sha’niga isnod keltirayotgan, xalqimizning tub manfaatlariga tamoman zid bo‘lgan bu illatlar juda tez fursatda, kechiktirilmasdan uzil-kesil hal etilishi kerak, deb o‘ylayman.
Bilimga berilgan baho pulga sotilgan jamiyatda ikki dunyoda ham rivojlanish, taraqqiyot bo‘lmaydi.

Bilim, bilim va faqat bilim uzluksiz ta’limning barcha bosqichlarida – umumta’lim maktabi, litsey, kollej, bakalavriatura, magistratura, doktoranturadan dissertatsiyani himoyalashgacha baholashning yagona va ishonchli mezoniga aylanishi shart. Faqat iste’dodli, iqtidorli, bilimga chanqoq, kelajakda oliy malumotli mutaxassis yoki olim bo‘lganidan keyin jamiyatga, xalqimizga, barcha-barchamizga ta’lim jarayonida olgan chuqur va puxta bilimlari bilan naf keltira oladigan yoshlar kasbiy ta’lim egallashi kerak. Shundagina mamlakat yuksalishga yuz tutadi, gullab yashnaydi. Savodi yo‘q, bilimsiz, "amallab" oliy o‘quv yurtiga kirgan va uni bitirgan mutaxassislar mamlakatni oldinga qarab emas, orqaga qarab tortadi. Buning ziyoni, barcha azob-uqubatlari, biz shuni xohlaymizmi-yo‘qmi, oqibatda baribir xalqning bo‘yniga tushadi.

Ta’lim tizimida, ayniqsa, kasbiy ta’limda, shunday bir oliyjanob, barchaga ibratli bo‘lishi mumkin muhit tug‘dirishimiz kerakki, taqdir taqozosi bilan ota yoki ona, shunchaki tanish-bilishlar nari tursin, hattoki o‘zining farzandidan imtihon olishiga to‘g‘ri kelsa, hech qanday ikkilanmasdan uning bilimini xolisona baholasin. Agar u haqiqiy pedagog bo‘lsa, vijdoni bo‘lsa, farzandining kelajakda jamiyatda o‘ziga munosib mavqega ega bo‘lishini istasa, albatta, shunday qiladi.

Mamlakatimizda ta’lim sifatini tubdan yaxshilish, unda mavjud ayrim illatlarni tag-tomiri bilan qo‘porib tashlash, O‘zbekistonda shakllantirilgan ta’lim tizimini, unda tahsil olgan va o‘qishni bitirgan yoshlarimizni butun dunyoga ko‘z-ko‘zlab, ibrat oladigan darajaga ko‘tarish uchun barcha imkoniyatlar mavjud.

Birinchidan, yoshlarimizda bilimga, o‘qimishli, ma’rifatli bo‘lishga ishtiyoq juda katta. Bunday noyob xislat hamma xalqda ham bo‘lavermaydi. Bu Yaratganning xalqimizga tuhfa etgan buyuk ne’mati. Shuning uchun biz yoshlarimizdagi bu noyob xislatdan ta’lim sifatini oshirish maqsadlarida unumli foydalanishimiz, ularni qo‘llab-quvvatlashimiz zarur. Yoshlarimizning ichida qobiliyatli, iste’dodli o‘g‘il-qizlarning juda ko‘pligiga hech qanday shubha yo‘q. Sport sohasida sharoit yaratilib, yoshlarimizdagi salohiyatni ro‘yobga chiqarish mexanizmlari ishga solinganda, ular xalqimizning nimalarga qodir ekanligini jahonga namoyish etmoqda. Ta’lim sohasida ham uning sifatini tubdan oshirish mexanizmlari yaratilsa, yoshlarimiz bu sohada katta yutuqlarni qo‘lga kiritishlariga shubha yo‘q. Agar bilim o‘qishning, institutga kirish va bitirishning yagona mezoniga aylantirilsa, yoshlar bilim olishga astoydil qiziqadi. Natijada esa ta’lim sifati keskin oshadi.

Ikkinchidan, yoshlarga ta’lim berayotgan pedagog, professor-o‘qituvchilarimiz savodli, bilimdon, raqobatbardosh mutaxassislarni tayyorlash, bilim sifatini tubdan yaxshilash yukini o‘z zimmalariga olishlari mumkin. Lekin keyingi paytlarda ta’lim muassasalari o‘qituvchilarining safi ta’lim sifati pasayib ketgan yillarda bitirgan yoshlar hisobidan to‘ldirilib borilmoqda. O‘zlari mukammal bilim bilan qurollanmagan yosh o‘qituvchilarimiz ta’lim tizimi oldida turgan murakkab vazifalarni bajarishda qiyinchiliklarga duch kelmoqda. Joylarda ana shunday yosh o‘qituvchilar malakasini oshirishga qaratilgan tizimli ishlar amalga oshirilishi, bunga tajribali, yuqori malakali professor-o‘qituvchilarimiz amaliy yordam berishlari, rahnamolik qilishlari kerak.

Keyingi paytlarda test sinovlarini takomillashtirish, ularning shaffofligini ta’minlash bilim sifatini oshirishning muhim yo‘nalishi sifatida qaralmoqda. Test sinovlarining talabgor yoki talaba bahosini baholashning samarali vositasi ekanligiga e’tiroz bildirgan holda, mening nazarimda, test sinovlariga talabni kuchaytirish emas, balki ularni bir qadar yengillashtirish strategiyasini amalga oshirish maqsadga muvofiq. Ancha yillik tajriba shuni ko‘rsatadiki, ba’zan malakali o‘qituvchi ham yechishga qiynaladigan og‘ir testlarni yechib, institutga kirgan talaba o‘quv jarayonida eng elementar mashq va topshiriqlarni bajarishga ojizlik qiladi. Bu hech qanday mantiq doirasiga sig‘maydigan, lekin amalda juda ko‘p uchrab turadigan haqiqat. Rus tilida salomlashishni durust eplay olmagan yoshlarning rus tilida murakkab testlarni yechib, yuqori ballar olgani xuddi ertakka o‘xshab ketadi.

Rivojlangan mamlakatlarda oliy o‘quv yurtiga qabul qilinadiganlar soni mamlakat jami aholisining bir foizini tashkil qiladi. Bizda esa bu holat 0,2 foiz. Shuning uchun oliy o‘quv yurtlariga qabul sonini keskin ko‘paytirish va mavjud farqni kamaytirib borish lozim. Birinchi kursga kirish tartibini tubdan o‘zgartirish, uni zamon talablariga moslashtirish kerak. Institutning birinchi kursi yoshlarimiz uchun sinov maydonchasi vazifasini bajarishi kerak. Maktabda faqat a’lo baholar bilan o‘qigan yoshlarni test sinovlari orqali emas, balki rektorat tomonidan tashkil qilingan nufuzli kengashning suhbati bilan qabul qilish mumkin.
O‘z imkoniyatini suiiste’mol qilgan va o‘z o‘quvchisiga a’lo baholarni noto‘g‘ri, noob’yektiv qo‘ygan maktab o‘qituvchilari o‘z qilmishlari uchun javob berishlari, agar qo‘pol xatolari borligi isbotlansa, javobgarlikka tortilishi kerak.

Murod Muxammedov,
iqtisod fanlari doktori,
SamISI professori.
(Davomi bor).