Tajribali jurnalist va publitsist Tugalboy Muzaffarov vafot etdi
Hamkasbimiz, viloyat matbuoti rivoji, ravnaqi uchun jon kuydirib o‘z fikri, takliflarini berib kelayotgan va bu ezgu ishga hissa qo‘shayotgan Tugalboy Muzaffarovning vafot etganligi haqidagi xunuk xabar barchamizni qayg‘uga soldi. Yetuk jurnalist, tajribali matbaachi, publitsist Tugalboy Muzaffarov 70 yoshda edi.
T.Muzaffarov 1949 yil, 9 mayda Toyloq tumani, Bog‘izog‘on qishlog‘ida tavallud topdi.
1966 yilda tumandagi 63-maktabda tahsil olib, ish faoliyatini 1966-1967 yillarda viloyat bosmaxonasida harf teruvchilikdan boshladi. 1968-1974 yillarda “Lenin yo‘li” (hozirgi “Zarafshon”) gazetasida texnik muharrir, mas’ul kotib o‘rinbosari vazifalarida samarali mehnat qildi.
1974-1977 yillarda Jizzax viloyatining “Jizzax haqiqati” gazetasida mas’ul kotib o‘rinbosari, 1977-1984 yillarda shu viloyatning Arnasoy tumani, “Arnasoy tongi” gazetasi mas’ul kotib bo‘lib ishladi.
1995 yildan shu kungacha Toyloq tumanining “Qo‘shchinor” gazetasida mas’ul kotib, muharrir, murabbiy-muxbir vazifasida ishlash barobarida ko‘plab yosh muxbirlarga ustozlik qildi.
T.Muzaffarovning “Toyloqnoma” trilogiyasi, “Er yigitning qanoti” qissasi, “Toyloqning nurli izlari” “Yoshlik ziynati”, “Yuragimga yaqin kishilar”, “Chapaqay ijodkor”, “Umrim manzillari” publitsistik kitoblari, “Ko‘zgudagi odam”, “Ma’sum chechaklar” kabi 20 dan ortiq to‘plamlari chop etilgan.
Zamondosh va hamfikr do‘stlari, yelkadosh hamkasblari hamda shogirdlari nomidan marhumning oila a’zolari va yaqinlariga chuqur hamdardlik izhor qilamiz.
Tajribali qalamkash, o‘z kasbiga sodiq, kamtarin inson Tugalboy Muzaffarov xotirasi qalbimizda abadiy yashaydi.
O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi Samarqand viloyati bo‘limi,
viloyat «Zarafshon» va "Samarkandskiy vestnik" gazetalari birlashgan tahririyati.