Tibbiyot universiteti talabasi: "Maktabdagi o‘qituvchimizning bepul to‘garaklarida tayyorlanib talaba bo‘ldim"
Kattaqo‘rg‘on tumanida oddiy oilada tug‘ilganman. Dadam - fermer xo‘jalik ishchisi. Onam – uy bekasi. Halol mehnati bilan to‘rt farzandni voyaga yetkazdi. Aslida dadam shifokor bo‘lishni orzu qilgan. Bir necha bor shu yo‘nalishda oliy ta’lim muassasasiga imtixon topshirgan, ammo ayrim sabablarga ko‘ra o‘tolmagan.
Keyinchalik farzandlaridan biri, albatta shifokor bo‘lishini chin dildan istagan. Oilada kenjaman. Akalarim ham dadamning bu orzusini amalga oshirolmagan. Shundan so‘ng bor umidi mendan edi.
Hali esimni tanib ulgurmasimdanoq, bolalar bilan o‘ynaganimda shifokor rolini ijro etgan ekanman. Shuning uchun maktabda yuqori sinfga o‘tganimdanoq, dadam menga botanika, biologiya va kimyo fanlarini chuqur o‘rganishimni tayinlagan. Bu fanlarga o‘zimning ham qiziqishim yuqori edi.
Maktabimizda biologiya va kimyo o‘qituvchisi Dilfuza Nizomova darsni juda qiziqarli qilib o‘tardi. Har bir fanni alohida ko‘cha sifatida tasavvur qilishimizni aytardi. Masalan, Botanika ko‘chasi, Zoologiya ko‘chasi. Xayolan shu “ko‘cha”lar bo‘ylab sayohat qilardik. Mening bu fanlarga qiziqishimni ko‘rib, qo‘shimcha darslarga, ya’ni to‘garaklarga ham qatnashishimni aytdi. To‘lov qilishga imkoniyatim yo‘qligini aytolmay turganimda, o‘zi bepul o‘qitishini ta’kidladi. Keyin bilsam sharoiti og‘irroq oila farzandlari uchun ustozning to‘garaklari bepul ekan. Shu imkoniyatdan foydalanib, qunt bilan o‘qidim va natijaga erishdim. Shifkorlikka birinchi qadamni tashladim, ya’ni shu yil maktabni bitiriboq Samarqand davlat tibbiyot universiteti talabasi bo‘ldim.
Bir haftadan ziyodroq vaqt davomida talabalik zavqi bilan yashayapman. Universitet va uning klinikalarida o‘qish va amaliyot o‘tash uchun barcha imkoniyatlar bor. Bundan oqilona foydalangan holda el dardiga malham bo‘ladigan, ota-onam va ustozlarimning ishonchini oqlaydigan shifokor bo‘laman. Asosiysi, dadamning ushalmagan orzusini amalga oshiraman.
Doston ASRAYeV.