Yo‘ldagi saboq

Har gal shu yo‘ldan o‘tganimda bir hovliga havas bilan qarayman. Juda chiroyli, sarishta uy. Uch-to‘rt bola hovlida o‘ynab yuradi. Uy bekasiga tasanno aytaman. Chunki har doim ham ro‘zg‘or ishi, ham bolalar bilan ozoda o‘tirish oson emasligini ayol sifatida bilaman...
Bir kuni azonlab ish bilan chiqdim. O‘sha ko‘cha, tanish hovli. Ne ko‘z bilan ko‘rayki, bir erkak qo‘lida supurgi, hokandoz bilan chiqindilarni chelakka solardi. Hayrat bilan o‘tayotganimda ichkaridan ayol kishining: “Dadajonisi, kiyimlaringiz tayyor. Nonushtangiz ham... Ishga kech qolasiz, qolganini o‘zim qilaman”, degan ovozini eshitdim.
“Hozir kiraman, tugatib qo‘yay. Hali bolalar bilan qiynalib qolasan”.
Erkakning so‘nggi so‘zidan juda ta’sirlandim. O‘qiganim bir hikoya yodimga tushdi.
Hindiston prezidenti (2002–2007 y.) doktor Abdul Qalam bunday yozadi: «Bola edim. Onam ishdan qaytib, har kech biz uchun non pishirardi. Bir kuni vaqt allamahal bo‘lib ketdi. Onam shosha-pisha kechki ovqat tayyorladi. So‘ng xijolat bilan otamning oldiga ovqat va non qo‘ydi. Ikki ko‘zim otam stoliga qo‘yilgan nonda edi. Kimdir kuyganiga e’tibor berarmikan, deb kutib turdim. Ammo otam indamay ovqatlandi. So‘ng meni yoniga chaqirib, bugungi saboqlarim haqida so‘radi. O‘sha kuni ularga qaytargan javobimni eslay olmayman, ammo onamning ovqatdan keyin otamga non biroz kuyib ketganini ming xijolat bilan aytgani kechagidek qulog‘im ostida... Otam esa jilmaygancha onamning qo‘llaridan tutdi: “Azizam, kuygan non menga yoqadi-ku, unutdingmi?”.
Uxlashdan oldin otamga xayrli tun tilash uchun kirdim. Bahonada kuygan nonni rostdan ham yaxshi ko‘rish-ko‘rmasligini so‘rab oldim. Otam meni bag‘riga bosib, qattiq quchoqladi. “O‘g‘lim, onang ham kun bo‘yi ishlab, juda charchaydi. Bir marta kuygan non yesam, hech nima bo‘lmaydi. Lekin og‘zimdan chiqqan yomon so‘zdan onangni dili og‘riydi. Axir u hammamiz uchun kerak. Hayot xatolarimizni tushunib yetishimiz uchun ba’zan juda ham qisqalik qiladi”, dedi.
Yo‘lda kelarkanman, atrofimizda o‘z mas’uliyatini bajarmay turib, ayolidan ayollik vazifasini talab qiladigan, xotinini ayol, ona sifatida ko‘rmay, izzat-nafsiga tegib, haqoratlaydigan, hatto kaltaklaydigan erkaklar ham borligi haqida o‘ylardim...
Haqiqiy erkak ayolidan talab qilishi emas, uning uchun bor-budini berishi kerak. Axir ayolning jufti halolidan boshqa suyanadigan, yaxshi-yomon kunida unga tayanch bo‘ladigan yana kimi bor?..