«Zarmitan» oltin konidan portlovchi moddalarni olib chiqib ketishga uringan fuqaroga sud hukmi o‘qildi
Joriy yilning 25 avgust kuni Navoiy kon-metallurgiya kombinati davlat korxonasi tasarrufidagi Janubiy kon boshqarmasiga qarashli «Zarmitan» konida portlatuvchi bo‘lib ishlab kelgan Amriddin Yo‘ldoshev (ism, familiyalar shartli) o‘ziga ishonib topshirilgan portlovchi moddalarni qonunga xilof ravishda olib ketayotgan vaqtida kon ma’muriy binosining kirish qismida ushlangan.
A.Yo‘ldoshev lavozim yo‘riqnomasiga ko‘ra, o‘zi qabul qilib olgan portlovchi moddalarni doimiy nazorat ostiga olishi, ularni begona kishilarga berilishi, yo‘qolishi, o‘z-o‘zidan yo‘q bo‘lib ketishi yoki qazilma joylarida, yer yuzalarida qolib ketishi, portlovchi moddalarni kerakli maqsadlarda ishlatishi, shuningdek, portlatish ishlari tugaganidan keyin ishlatilmagan portlovchi modda qoldiqlarini omborxonaga topshirishi kerak bo‘lgan.
Ammo u o‘sha kuni 4 dona portlovchi moddalarni hamda ularni harakatga keltiruvchi 2 dona kapsyul-detonator vositalarini olib ketmoqchi bo‘lgan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Qo‘shrabot tumani sudi A.Yo‘ldoshevni Jinoyat kodeksining o‘qotar qurol, o‘q-dorilar, portlovchi moddalar yoki portlatish qurilmalarini qonunga xilof ravishda egallash moddasi bilan aybli, deb topdi.
Uni 3 yil muayyan huquqdan, ya’ni NKMK DKga qarashli konlarda portlatuvchi vazifasida ishlash huquqidan mahrum qilinib, 5 yil ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.
Ilhom G‘ULOMOV,
jinoyat ishlari bo‘yicha Qo‘shrabot tumani sudi raisi.