1-2 iyul kunlari Samarqandda anomal issiq bo‘lishi kutilmoqda

Bu haqda respublika Gidrometeorologiya markazi xabar berdi. Mutaxassislarning aytishicha, bugun, ya’ni 30 iyun va 1 iyul kunlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida, 1-2 iyul kunlari esa respublikamizning qolgan hududlarida havo harorati o‘rtacha ko‘p yillik holatlardan 5-7 daraja yuqori bo‘lgan anomal issiq ob-havo bo‘lishi kutilmoqda. Havo harorati kunduz kunlari 40-43 darajagacha, shimolda, janubda va cho‘l hududlarida 44-45 darajagacha yetadi.

Xususan, Eron hududidan Turkmaniston orqali issiq havo kirib kelayotgani bois Samarqand viloyatida shu kunlari havo biroz bulutli bo‘lsa-da, yog‘ingarchilik bo‘lmaydi. Sharqdan sekundiga 7-12 metr tezlikda shamol esadi. Kechasi 22-27, kunduzi 38-43 daraja issiq bo‘ladi.

Viloyatimizning tog‘li hududlarida ham havo harorati boshqa kunlardagiga nisbatan yuqori bo‘ladi. Kechasi 19 daraja atrofida, kunduzi 28-30 daraja issiq bo‘ladi.

Soha mutaxassislari bunday ob-havo sharoitida ehtiyot choralarini ko‘rib, bosh kiyim kiyib yurish, ko‘proq suv iste’mol qilishni tavsiya etadi.