1 fevraldan nimalar o‘zgaradi?
Qonunchilik talablariga rioya etgan holda faoliyat yuritayotgan tadbirkorlarni aniqlash va qo‘shimcha rag‘batlantirishni nazarda tutuvchi Tadbirkorlik sub’yektlarining barqarorlik reytingi joriy etiladi.
Yuqori barqarorlik reytingidagi tadbirkorlar har yili 20 avgust – Tadbirkorlar kuni arafasida taqdirlash uchun davlat mukofotlari hamda «Faol tadbirkor» ko‘krak nishoniga tavsiya etiladi.
* O‘zbekiston hududiga olib kirishda ayrim mahsulotlardan ularning sifati, xavfsizligi hamda servis kafolatini ta’minlaydigan ishlab chiqaruvchining vakolatli vakili yoki rasmiy dilerlari mavjud bo‘lishi talab qilinadi.
Bunda ishlab chiqaruvchining vakolatli vakili yoki rasmiy dilerlarning servis xizmati mavjud bo‘lishi kerak.
* «Inson» ijtimoiy xizmatlar markazi tomonidan «Yagona milliy ijtimoiy himoya» axborot tizimida o‘zgalar parvarishiga muhtoj bo‘lgan yolg‘iz yashovchi hamda yolg‘iz keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarning reyestri yuritiladi. Reyestrga kiritilganlarga ijtimoiy xizmat ko‘rsatish shartnomasi asosida davlat tomonidan kafolatlangan ijtimoiy xizmatlar va yordam ko‘rsatiladi.
Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladigan ichimlik va oqova suv yo‘nalishidagi loyihalarda qurilish materiallari, uskuna va jihozlar faqat mahalliy ishlab chiqaruvchilardan xarid qilinadi.
* Kasanachilik va hunarmandchilik yo‘nalishida yangi ish boshlayotgan xotin-qizlar uchun tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish, rivojlantirish, takomillashtirish hamda ularga uslubiy yordam berish maqsadida ta’lim tashkilotlarida tajribali kasanachi va hunarmandlarni jalb etgan holda kasb-hunarga o‘qitish kurslari tashkil etiladi.
Xotin-qizlarni kasanachilik va hunarmandchilik yo‘nalishlarida kasb-hunarga o‘qitish bilan bog‘liq xarajatlar Oila va xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash davlat maqsadli jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladi.