1 iyundan qonunchilikda nimalar o‘zgaradi?
2024 yil 1 iyundan milliy qonunchilikda bir qator o‘zgarishlar kuchga kiradi.
Mehnat migratsiyasiga kelayotgan fuqarolarga yo‘l chiptasi uchun kompensatsiya beriladi
“Mehnat migratsiyasi jarayonlarini takomillashtirish hamda xorijda vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident Farmoniga ko‘ra, 2024 yil 1 iyundan “Xorijda ish” mehnat migratsiyasi elektron dasturiy majmuasida ro‘yxatdan o‘tgan va tashkillashtirilgan mehnat migratsiyasiga ketayotgan fuqarolarga quyidagi kompensatsiyalar to‘lanadi:
— xorijiy tillar yoki kasb bo‘yicha malaka imtihonlarini topshirish bilan bog‘liq xarajatlarini qoplash uchun, basharti ular muvaffaqiyatli topshirilganda va sertifikat olinganda – BHMning 3 baravarigacha (1 million 20 ming so‘m) miqdorda;
— xorijda mehnat faoliyatini amalga oshirishga “ishchi viza”ni rasmiylashtirish bilan bog‘liq xarajatlarini qoplash uchun – BHMning 5 baravarigacha (1 million 700 ming so‘m) miqdorda;
— yo‘l chiptasini xarid qilish bilan bog‘liq xarajatlarini qoplash uchun – BHMning 2 baravarigacha (680 ming so‘m) miqdorda.
Davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida bolalar ta’minoti uchun ota-onalar to‘lovining yangi miqdorlari amal qiladi
“Davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida bolalar ta’minoti uchun ota-onalar to‘lovi miqdorlarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi Hukumat qaroriga ko‘ra, 2024 yil 1 iyundan va 2025 yil 1 yanvardan boshlab amal qiladigan davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida bolalar ta’minoti uchun ota-onalar to‘lovi miqdorlari tasdiqlangan. Yangi narxlar bilan havola (https://t.me/uzauz/9854) orqali tanishingiz mumkin.
Aholiga foydalanilgan gaz va elektr haqidagi ma’lumotlar har oyda yuboriladi
"Yoqilg‘i-energetika sohasida bozor mexanizmlarini joriy etishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi Hukumat qaroriga ko‘ra, 2024 yil 1 iyundan foydalanilgan elektr energiyasi va tabiiy gaz bo‘yicha oylik ma’lumot “bazaviy me’yor” va undan ortiq hajmlar kesimida iste’molchilarga yuboriladi.
Mehnat migratsiyasidan qaytgan shaxslarni ishga olganlarga subsidiya beriladi
“Mehnat migratsiyasi jarayonlarini takomillashtirish hamda xorijda vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident Farmoniga ko‘ra, mehnat migratsiyasidan qaytgan shaxslarni ishga qabul qilgan ish beruvchilarga har bir ishga olingan xodim uchun 12 oy davomida oyiga 500 ming so‘mdan subsidiya to‘lanadi (Bundan byudjet tashkilotlari, davlat korxonalari, ustav kapitalida davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan yuridik shaxslar mustasno).
Bunda:
— subsidiya 2024 yil 1 iyundan 2026 yil 1 yanvarga qadar ishga qabul qilingan shaxslarga nisbatan to‘lanadi;
— mehnat migratsiyasidan qaytib kelgan shaxs bilan tuzilgan va Yagona milliy mehnat tizimida ro‘yxatdan o‘tkazilgan mehnat shartnomasi subsidiya to‘lash uchun asos bo‘lib hisoblanadi;
— mehnat migratsiyasidan qaytib kelgan shaxslar deb xorijda 3 va undan ortiq oy mobaynida mehnat faoliyati bilan shug‘ullanib, yashash manziliga qaytib kelganligiga bir yildan ko‘p vaqt bo‘lmagan shaxslar tushuniladi.
Mehnat migratsiyasidan qaytgan shaxslar va ularning oila a’zolari bepul tibbiy ko‘rikdan o‘tkaziladi
“Mehnat migratsiyasi jarayonlarini takomillashtirish hamda xorijda vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident Farmoniga ko‘ra, 2024 yil 1 iyundan quyidagilar yo‘lga qo‘yiladi:
— mehnat migratsiyasidan qaytib kelgan shaxslar hamda ularning oila a’zolarini bepul tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish;
— mehnat migratsiyasidan qaytib kelgan, ijtimoiy ahamiyatli kasallikka chalingan shaxslarga tibbiy yordamning kafolatlangan hajmlari ro‘yxatiga muvofiq bepul tibbiy yordam ko‘rsatish amaliyoti.
Tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan shaxslarga ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish takomillashtiriladi
“Tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan shaxslarga ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatishni takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident Qaroriga ko‘ra:
- tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan yoki jabrlanish xavfi ostida bo‘lgan xotin-qizlarga himoya orderi talab etmagan holda ijtimoiy, psixologik va yuridik xizmatlar ko‘rsatish tartibi joriy etiladi;
- xotin-qizlarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik holati ichki ishlar organlari navbatchilik qismining “102” telefon raqamlariga kelib tushgan murojaatlar asosida ro‘yxatga olinadi;
- tazyiq va zo‘ravonlik holati yoki ularni sodir etish xavfi aniqlangan paytdan e’tiboran 24 soat ichida quyidagilar amalga oshiriladi:
— xotin-qizlar faoli va mahalladagi profilaktika inspektori ishtirokida tazyiq va zo‘ravonlikni sodir etgan shaxs bilan suhbat o‘tkaziladi;
— profilaktika inspektori tomonidan himoya orderi rasmiylashtiriladi;
— tazyiq va zo‘ravonlikdan jabr ko‘rgan xotin-qizlar va ularning voyaga yetmagan farzandlari markaziy tuman (shahar) shifoxonalarining shoshilinch qabul bo‘limlariga joylashtiriladi;
— rasmiylashtirilgan himoya orderlari va jabrlangan shaxslarga doir ma’lumotlar “Inson” markazlariga “Yagona milliy ijtimoiy himoya” axborot tizimi orqali yuboriladi.