1 milliard 120 million so‘m davlat granti mablag‘lari maqsadli yo‘naltirilgan
Xalq deputatlari viloyat Kengashi huzuridagi nodavlat-notijorat tashkilotlarini, fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi tomonidan NNT, ommaviy axborot vositalari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida ajratilgan davlat granti va davlat subsidiyasi mablag‘larini maqsadli va samarali ishlatish yuzasidan viloyatda monitoring o‘tkazildi.
Jumladan, xalq deputatlari viloyat Kengashi huzuridagi ijtimoiy sheriklik bo‘yicha jamoat komissiyasi ishchi guruhi hamda OAV vakillari Oqdaryo va Payariq tumanlarida bo‘ldi.
- 2021 yilda mahallamizga “Kelajak kutubxonasi” loyihasi asosida elektron va badiiy kutubxona tashkil qilish uchun 30 million so‘m grant mablag‘i ajratilgan edi, - deydi Oqdaryo tumani Primkent mahallasi xotin-qizlar faoli Madina Bobojonova. – Mahalla binosidan bitta xona ajratilib, kutubxona tashkil qildik va zarur jihozlar olindi. Joriy yilda kutubxona faoliyatini kengaytirish va loyihani davom ettirish maqsadida yana 50 million so‘m grantni qo‘lga kiritdik. Ushbu mablag‘ga kutubxonaga 1200 dan ziyod turli adabiyotlar oldik hamda o‘quvchilarga ingliz tili va matematika fanlarini chuqurlashtirib o‘qitish maqsadida mahalla markazidan o‘quv kursi tashkil qildik. Kursga maktab o‘qituvchilari biriktirilgan bo‘lib, ijtimoiy daftarlardagi yoshlar bepul o‘qitilmoqda.
- 2022 yilda Oqdaryo tumanidagi O‘zbekiston mahallasi va maktablarda o‘tkazilayotgan tabdirlarinig ma’naviy-ma’rifiy va tarbiyaviy ahamiyatini ochiqlovchi hamda targ‘ib etuvchi “Yangi ovoz” yoshlar mul’timedia markazi tashkil etilgan, - deydi ushbu loyiha muallifi Fayoz Robbonayev. – Loyiha uchun 50 million so‘m davlat granti ajratilgan bo‘lib, markazda barcha sharoitlar yaratilgan va san’atga qiziquvchi yoshlarning bo‘sh vaqti mazmunli o‘tmoqda. Mazkur loyihani davom ettirish va faoliyatimizni kengaytirish maqsadida videostudiya ham tashkil qilishni rejalashtiryapmiz.
O‘rganish davomida tumanda joriy yilda “Folklor jamoasini tashkil qilish va uni rivojlantirish” uchun ajratilgan 50 million so‘m hamda O‘zbekiston Xalqaro “Oltin Meros” xayriya jamoat fondi Oqdaryo tuman muassasasi mahalla aholisini kitobxonlikka jalb etish maqsadida “Yosh kitobxonlar amfiteatri”ni ochish, teatr huzurida “Xalq kutubxonasi” nomli elektron kutubxona faoliyatini tashkil etish loyihasi uchun ajratilgan 31 million so‘m grant mablag‘laridan maqsadli foydalanilganligi aniqlandi.
Ko‘zi ojizlar jamiyati viloyat bo‘limiga 2436 nafar kishi a’zo. Jamiyatga 2021 yilda “Ko‘ngillarning gul toji” kitobi davlat granti loyihasi uchun 28 million so‘m, 2022 yil “Zukko kitobxon” nomli loyihaga 50 million so‘m, 2023 yilda esa 179 million so‘m ajratilgan.
Ko‘zi ojizlar jamiyati Payariq tuman bo‘lim raisi Shavkat Alimovning ta’kidlashicha, 200 kishi jamiyatga a’zo bo‘lib, 2021 yil jamiyatga “Ko‘zgu” nomli davlat granti loyihasi uchun 30 million so‘m, 2023 yil ustav faoliyatini bajarishi uchun esa 65 million so‘m davlat subsidiyasi mablag‘lari moliyalashtirilgan.
Davlat granti loyihalari doirasida jamiyat tomonidan asosiy vositalar sotib olingan. Ammo ustav faoliyati bo‘yicha yillik, choraklik ish rejalar tasdiqlanmagan, ro‘yxatga olish, kirish-chiqish xatlari tartibsiz yuritilgan. Shuningdek, jamiyatga joriy yil uchun 56 million so‘m grant ajratilgan bo‘lib, undan maqsadli foylanilgan bo‘lsa-da, qilingan murojaatlar qayd qilinmagan.
Keyingi manzil tumanning Yangiobod mahallasida joriy yilda “Bilim, kasb-hunar, farovon hayot uchun ilk qadam” ishlab chiqarish o‘quv markazi tashkil etish davlat granti loyihasi bo‘ldi. Loyiha qiymati 60 million so‘m bo‘lib, davomiyligi bir yil.
Mahallamizda 5600 nafar aholi yashaydi, - deydi Yangiobod mahallasi raisi Rahima Arziqulova. – Ishsizlarning asosiy qismi ayollar bo‘lganligi sababli grant loyiha mablag‘lari hisobidan mahallada ishlab chiqarish va tikuvchilik o‘quv markazi tashkil qildik. Ushbu mablag‘ga 7 ta tikuv mashinasi va asosiy vositalar sotib oldik. Hozir markazda kiyim-kechak va yostiq-ko‘rpacha jildlarini tikish yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, 7 nafar xotin-qizning bandligi ta’minlangan. Yil yakuniga qadar loyiha doirasida mahalladagi 40 nafar xotin-qizlar tikuvchilikka o‘qitiladi va tadbirkorlik faoliyatini boshlashlari uchun ko‘maklashiladi.
Xalq deputatlari viloyat Kengashi huzuridagi nodavlat-notijorat tashkilotlarini, fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi tomonidan NNT, ommaviy axborot vositalari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida joriy yilda 1 milliard 120 million so‘m davlat granti mablag‘lari ajratilgan.
O‘rganish davomida ishchi guruh tomonidan ushbu mablag‘larni nizom talablari asosida maqsadli va samarali yo‘naltirilgani aniqlanib, loyihalar davomiyligini saqlab qolish, xato va kamchiliklarni vaqtida bartaraf etish bo‘yicha ko‘rsatma va tavsiyalar berildi.
Fazliddin RO‘ZIBOYeV.