1 noyabrdan strategik ahamiyatga ega xo‘jaliklarda tovarlar xarid qilishning alohida tartiblari bekor qilinadi

Prezidentimizning 2020 yil 21 avgustda «Mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori asosida viloyatda mahalliy sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi, nomenklaturasini kengaytirish, hududlar va tarmoqlararo kooperatsiyani chuqurlashtirish, qo‘shilgan qiymat zanjirini rivojlantirish maqsadida viloyat hokimining qarori qabul qilindi.

Qarorga asosan, 2020 yil 1 noyabrdan ustav fondida davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan yuridik shaxslar, shuningdek, ustav kapitalining 50 foizi va undan ortiq miqdorda davlat ulushiga ega yuridik shaxslarning umumiy qiymati bazaviy hisoblash miqdorining 50 ming baravaridan yuqori bo‘lgan import tovarlar xaridlarining maqsadga muvofiqligi har chorakda ro‘yxati tasdiqlangan holda kuzatuv kengashi tomonidan ko‘rib chiqiladi.

Xorijda ishlab chiqarilgan alohida tovarlar, xorijiy shaxslar tomonidan bajariladigan ishlarning davlat xaridlaridagi ishtirokini vaqtinchalik taqiqlash va chegaralash mexanizmi kiritiladi.

Vaqtinchalik taqiq va chegaralashga kiritilgan mahsulotlar bo‘yicha tanlov ishtirokchilari takliflarini baholashda xalqaro tajribaga muvofiq mahalliy ishlab chiqarilgan tovarlarga nisbatan import tovarlarning CIP (O‘zbekiston) narxidan 15 foizdan ko‘p bo‘lmagan miqdorda preferensiya beriladi.

2020 yil 1 noyabrdan strategik ahamiyatga ega xo‘jalik jamiyatlari va korxonalar uchun tovarlar xarid qilishning alohida tartiblari bekor qilindi.