“Ansorjon agro saxovati” 300 ming AQSh dollariga teng mahsulot eksport qildi

Gap Samarqand tumanidagi “Ansorjon agro saxovati” fermer xo‘jaligi a’zolarining olma, gilos va uzum yetishtirgani, bu mahsulotlarni eksportga chiqarayotgani haqida bormoqda.

Buni yozayotganimiz ham bejiz emas. Aksariyat fermerlar mahalliy bozorlarga-da mahsulot chiqarishni eplolmayotgan bir paytda mazkur xo‘jalik mahsulotini saralab, xorijga sotmoqda. Aniqrog‘i, “Ansorjon agro saxovati” fermer xo‘jaligining eksport geografiyasi bugungi kunda Rossiya, Qozog‘iston, Turkmaniston, Turkiya, Belarus hamda Afg‘oniston kabi davlatlar hisoblanadi. Bu yerda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini saqlashga mo‘ljallangan 1500 tonna sig‘imga ega muzlatkichli omborxona hamda 14 gektar intensiv tokzor barpo qilingan.

Joriy yilning o‘tgan davrida fermer xo‘jalik tomonidan 300 ming AQSh dollari miqdoridagi mahsulot eksport qilindi. 2021 yilning oxiriga qadar 2 million AQSh dollari miqdorida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksport qilish rejalashtirilgan.

Ma’lumot o‘rnida: Samarqand viloyatida joriy yil boshidan bugungi kunga qadar jami qiymati 246,6 ming AQSh dollarilik gilos xorijga eksport qilingan.

Samarqand viloyati bojxona boshqarmasi axborot xizmati.