#1 oktyabr — O‘qituvchi va murabbiylar kuni
“Muallim haqida so‘zim ushbudir...”: shoirlar qalamida muallimlar e’tirofi.
Nodir JONUZOQ
Ustoz
Mundoq o‘ylab qarasam,
Sizga bitmabman hech she’r.
Qalam haqqiga qasam,
Sizsiz zabun edi Yer.
Ne bo‘lg‘ay holi, ma’lum,
Xatsiz yo‘li xatodir.
Dunyoda ilk muallim,
Shaksiz, Odam Atodir.
Ko‘kdan imon gavhari
Zaminga tushmish bot-bot.
Payg‘ambarlarning bari
Edi hazrati Ustod.
“O‘qi!” deya avomga
Ulashmish inju sirlar.
Yo‘llab buyuk dovonga,
Shamchirog‘ tutmish pirlar.
Borliq – zulmat, qorong‘u,
Chimmatga cho‘mgan chog‘da.
Yonib yulduz qarog‘i –
Go‘yo cho‘g‘day o‘chog‘da…
Olamga mayoq bo‘lib,
Lovullab porlagansiz.
Ko‘z, qo‘lu oyoq bo‘lib,
Nur sari chorlagansiz.
Siz – Beruniy,
Siz – Sino,
Siz – Farobiy, Ulug‘bek.
Oq qog‘ozdek pok siymo,
Sehringizga yo‘qdir chek.
Yanchib Haqqa yot ishni,
Olamga solmish suron –
Poyingizda yotishni
Baxt bilmish Sohibqiron!
Hali-hanuz bu – ibrat,
Abadiy tuzuk kabi.
Baxsh etar g‘urur, hikmat –
Temurbeklar maktabi.
Men ham – bir ilmi tolib,
Hali chala darsim ko‘p.
Qanday ketayin tonib,
Oldingizda qarzim ko‘p.
Garchi “Qo‘ygil, bu ne gap,
Egma boshing hech...” deysiz.
Xom, g‘o‘r she’rlarim tinglab,
Balli, bahong “besh”, deysiz.
Mashqim o‘zimga ma’lum,
Tansiqdir toza tashbeh.
Mehri daryo muallim,
Chalg‘isam, bering tanbeh.
Yengingizga yuqqan oq –
Bo‘rmas, ko‘nglingiz yuqi.
Zimmangizda ulkan tog‘ –
Yorug‘ kelajak yuki.
Men ham siz-la yonma-yon
Shu yukni ko‘tarsaydim.
Oldda – buyuk imtihon,
O, undan o‘tolsaydim!
Balki shunda salgina
Bo‘lgaymi yuzim yorug‘.
O‘zimdan qilmay gina,
Olsam maqtovli yorlig‘…
Siz-chi, kutmaysiz olqish,
Sizga ilinj, tama’ yot.
O‘qib-yozib toliqish –
Sizga kundalik hayot.
Dasta-dasta daftarga
Sochasiz ko‘z nurini,
Sinf-sinf saflarga
Sarf etib bor umrni…
Shogirdlar qalbiga, oh,
Sekin singib boryapsiz.
Iqbolidan shodon, goh
Jim xo‘rsinib boryapsiz.
Tolmang!
Fidoyi Ustoz,
Sizga tirgak shu Vatan.
Qancha ta’zim qilsak – oz,
Qancha alqasak-da kam.
Garchi ko‘nglimda so‘z mo‘l,
Garchi bitmas hech ta’rif.
Lekin boshqalar ham qo‘l
Silkiyapti ko‘tarib…
Dunyo – keng saboqxona,
Dunyo – rang-barang maktab.
Qutlarkan, shu bahona
Yurtimni qo‘yay maqtab.
Tasdiqlaydi to‘rt tomon,
Darsi olamga yoddir:
Donishmand O‘zbekiston –
Ma’rifatda Ustoddir!
***
Xurshid NURULLAYeV
Ustozlarga
Volidaga mengzarlar: ona yer, ona quyosh,
Azaldan mavjud kalom: ustoz otadan ulug‘.
Aslida murabbiy zot ota-onaga qiyos,
Farzand uqqan har o‘git go‘yo jangchi tutgan tug‘.
Ayoldan avliyo yo‘q, avliyo tuqqan ona,
Eng ulug‘ alloma ham ustozdan topgan kamol.
Piri komildan shogird to‘g‘ri yo‘lga ravona,
Parvarish bilan doim har gul ko‘rsatar jamol.
Murabbiy ulug‘langan davlat aslo bo‘lmas kam,
Yurtda ustozlar qadri ko‘tarildi ko‘k qadar.
Dunyoga bilim bergan Turon ming yil muqaddam,
Tarixdan haqiqatni hech kim qilolmas badar.
Yurt qudratli bo‘lgaydir gullasa ilmu ta’lim,
Shavkat topgan tafakkur vatanni qilgay obod.
Ming rahbarning sarvari bo‘lsa dono muallim,
Bunday yo‘lboshchi bilan barkamol bo‘lar avlod.
Parvarish topgan nihol bergusi yaxshi hosil
Ustoz-shogird udumi shon keltirgan xalqimga.
Umrni sharaf bilan o‘tmoq uchun munosib,
Murabbiylar o‘giti nasib qilsin har kimga.