1-sinfga qabul: Muammo nimada?

Ijtimoiy tarmoqlarda Samarqand shahridagi maktablarga 1-sinfga o‘quvchilar qabuli bo‘yicha muammolar tug‘ilayotgani, onlayn ro‘yxatdan o‘tishda joy nomi chiqmayotgani, ota-onalar turli davlat tashkilotlariga borib, sarson-sargardon bo‘layotgani haqida fikrlar bildirilmoqda. Xo‘sh, muammo nimada?

Ushbu savolga viloyat xalq ta’limi boshqarmasi maktablar bo‘limi boshlig‘i Abdutolib Qilichev quyidagicha javob berdi:

- Samarqand shahridagi umumiy o‘rta ta’lim maktablariga 1-sinfga onlayn qabul yo‘lga qo‘yilgan. Ota-onalar yashash joyi mikrohududidagi maktabga bolasining hujjatini topshirishi kerak. Ammo ayrim ota-onalar farzandining hujjatini onlayn topshira olmayapti. Sababi, ba’zi ota-onalar 15 yildan beri yashasa-da, o‘sha mahallada ro‘yxatda emas. Masalan, ba’zilar ko‘p qavatli uylarning to‘lovlarini kamaytirish maqsadida odam sonini kamroq ko‘rsatadi, natijada o‘zi shu uyda yashasa ham tumanda ro‘yxatda turaveradi. Bunday ota-onalar bolasining hujjatlarini o‘sha mikrohududga onlayn topshirolmaydi.

Ikkinchi muammo - ayrim mahallalarning nomi o‘zgargan, bazada esa eski nomi turibdi. Shu sababli ham ota-onalar sarson bo‘lmoqda.

Uchinchi muammo - yangi qurilgan ko‘p qavatli uylar shahar hokimligi tomonidan mikrohududga kiritilmagan, bazada yo‘q (Shahar hokimining bu haqdagi qarori o‘tgan yili sentyabr oyida chiqqan. Undan keyin qurib, foydalanishga topshirilgan ko‘p qavatli uylar bazaga kiritilmagan). Tabiiyki, bazaga kiritilmagan yangi uylarda yashovchilar ham onlayn hujjat topshirolmayapti.

To‘rtinchi muammo - ayrim ota-onalar yangidan ro‘yxatga qo‘yilgan. Ular tanishlarining uyiga “propiska”ga kirib, o‘zi tumanda yashasa-da, bolasini shahar maktabiga berishga harakat qilmoqda.

Yana bir muammo, ba’zi ota-onalar farzandini rus sinfiga berishni istamoqda. Vaholanki, uyda ota-onadan biri rus tilida gapirishni bilmaydi. Rus tilini bilmagan ota-ona ertaga qanday qilib farzandiga dars tayyorlata oladi? Shuning uchun ham bunday oila farzandini rus sinfiga ololmaymiz.

A.Qilichevning aytishicha, yangi o‘quv yilidan qancha bola maktabga kelishi haqida yil davomida mikrohududlardan uch marta ma’lumot olingan va shunga qarab maktablarda nechta 1-sinf ochilishi taxmin qilingan. Ammo ushbu prognozlarga qaramay, yangi ko‘p qavatli uylar qurilgan hududlarda 1-sinfga keladigan bolalar soni oshgan. Birinchi sinfga keladigan bolalar soni oshsa, maktabda qo‘shimcha sinf ochiladi.

Ota-onalar nega sarson?

- Qizim Mashhura bu yil 1-sinfga boradi, - dedi Qorasuv maskanida istiqomat qiluvchi Bunyod Abdiyev. – O‘zim haqimdagi ma’lumotlarni bazaga kiritganimdan so‘ng avtomatik tarzda mikrohududimizga qarashli 80-maktab chiqdi. Onlayn hujjat topshirishda har kim o‘zi ro‘yxatda turgan mikrohudud bo‘yicha farzandini maktabga bera olarkan. Boshqa maktabni belgilab bo‘lmas ekan. Hech qanday qiyinchiliksiz onlayn hujjat topshirdim. Ammo propiskasi bo‘lmaganlar quyidagi muammoga duch kelyapti.

- Shu masala meni ham qiynab kelyapti, - deydi Murodjon ismli kishi saytimizda berilgan maqolaga munosabat bildirarkan. - Qizim shu yil maktabga chiqishi kerak. O‘zim Samarqand shahrida yashayman, propiskam Urgutda. Onlayn arizam Urgutga ketib qolyapti.

Yangi ko‘p qavatli uylarga ko‘chib kelganlar ro‘yxatga olinmagan

Xo‘sh, maktab direktorlarini bu borada qanday muammolar qiynayapti?

- 1-sinfga qabul ikki yildan beri onlayn tarzda amalga oshirilmoqda, - deydi Samarqand shahar Qorasuv maskanida o‘tgan yili qurib, foydalanishga topshirilgan 81-umumiy o‘rta ta’lim maktabi direktori Alovuddin Ochilov. - Maktabimizga bu yil 350 nafar o‘quvchi 1-sinfga qabul qilinishi kerak. Shundan 35 nafardan ikkita sinf rus guruhi, qolgani o‘zbek guruhi bo‘lishi kerak edi. Ammo ota-onalarning talabi bilan rus guruhlar soni to‘rtta bo‘ldi. Ota-onalar farzandini ko‘proq rus sinflarga berishga harakat qilmoqda. Biroq bola rus tilini boshlang‘ich darajada bilishi kerak. Afsuski, ba’zi bolalar umuman rus tilini bilmaydi. Biz ota-onalarga tushuntirish ishlari olib boryapmiz.

Yangi foydalanishga topshirilgan ko‘p qavatli uylarga ko‘chib kelgan ota-onalarning hali propiskasi yo‘q. Biz ularga propiskaga qo‘yish yo‘lini tushuntiryapmiz, uy hujjati ota-onadan birining nomida bo‘lsa, propiskaga qo‘yish muammo emas, bir kunda hal qilsa bo‘ladi. Shuningdek, maktabimiz orqasidagi hovlilar ham bazaga kiritilmagan, ularning farzandlari bizning maktabimizga kelishi kerak. Ota-onalarga onlayn hujjat topshirishda o‘zimiz maslahat beryapmiz. Shu paytga qadar 197 nafar bolaning hujjati qabul qilingan bo‘lsa, yana 152 ta ariza bazada ko‘rib chiqilyapti.

Maktabga Qorasuv massividagi 46-ko‘p qavatli uydan 135-uygacha bolalar qabul qilinadi. 1680 o‘rinli maktabda joriy yilning may holatiga ko‘ra, 2429 nafar o‘quvchi tahsil oldi. Bola soni kundan kunga ortayotgan bo‘lsa-da, maktabga olishga majburmiz.

Onlayn qabul bola sonini kamaytirolmadi, ammo...

Samarqand shahridagi boshqa maktablarda ham ahvol shunga o‘xshash, ya’ni bola soni juda ko‘p. Shuningdek, tumanda istiqomat qiluvchilar ham yaxshi o‘qitadi, deb farzandini shahar maktablariga berishga harakat qiladi. Ba’zilarning shaharda uyi bor, shuning uchun farzandini shahar maktabida o‘qitadi. Ayrimlari tanish-bilish orqali mikrohududda yashamasa ham farzandini shahar maktabiga beradi. Buni ko‘pchilik biladi.

Samarqand shahrida qurilishlar davom etar ekan, har yili onlayn qabulda yuqoridagi kabi muammolar paydo bo‘laveradi. Aslida, onlayn qabul ota-onalarning mikrohududlarni inobatga olmasdan, farzandini istagan maktabiga berishi natijasida ba’zi maktablarda bola soni oshib ketayotgani tufayli tashkil etilgan edi. Yildan yilga aholi sonining ortishi, shahar hududida yangi maktab qurilmayotgani qabul onlayn bo‘lsa-da, ushbu muammoga yechim topmadi.

Yaqin kelajakda viloyat xalq ta’limi boshqarmasi va boshqa tegishli muassasalar Samarqand shahri maktablariga 1-sinfga onlayn qabul atrofidagi muammolarni bartaraf etadi, degan umiddamiz.

Xurshida Ernazarova.