10 ming so‘mlik mehr

Haftaning yakshanbasi. Birinchi sinfga chiqqan Marjona bugun odatdagidan kechroq uyg‘ondi. Joyidan turishga shaylangandi hamki narigi xonadan otasining ovozi eshitildi.

Odatda Marjona uyqudan turganda otasi ishga ketgan, uxlashga yotganda esa u hali qaytmagan bo‘lardi. Dam olish kunlari ham ahvol shu. Marjonaning yuziga tabassum yugurdi. Nahotki, bugun u dadasini ko‘radi?

Shu o‘y bilan jajji qalbi quvonchga to‘ldi, “Dadajon” deya yugurib chiqdi. Otasini noutbuk ustida bukilgan, bir qo‘lida telefon tutib, kim bilandir baland ovozda gaplashayotgan holatda ko‘rdi. Sekin borib, oyog‘idan quchdi.

Ota juda band. U erta bilan mashinasi buzilib, ishga borolmaganidan jig‘ibiyron. Qiziga bir o‘qrayib qaradi-da, ishida davom etdi. Bu nigoh Marjonaning yuzidagi quvonch shu’lasini puflangan sham misoli o‘chirdi.

Yana bir ilinj. Marjona otasining telefonda gaplashib bo‘lishini kutdi. Fursat yetgach, yurak yutib gap boshladi:

- Dadajon, sizni sog‘indim. Men bilan ham biroz o‘ynang.

- Kizim xalaqit berma. Men sizlarning yaxshi yashashingiz uchun ishlayapman. Har bir daqiqam pul turadi, - dedi.

Marjona taslim bo‘lmadi.

- Dadajon, bir kunda qancha pul topasiz? - Uning navbatdagi savoli shunday bo‘ldi.

Ota qizining bu savoliga tayyor emas edi, javob bera olmay qoldi. Shunda qiz chaqqonlik bilan o‘rnidan turib, xonasiga yugurib kirdi va buvisi bergan 10 ming so‘m pulni olib chiqdi. Pulni dadasiga uzatar ekan, yana so‘radi:

- Dadajon, shu pullar 10 daqiqa vaqtingizni sotib olish uchun yetadimi? Birga o‘ynar edik...

Zinura Rajabova,

Samarqand davlat chet tillar instituti talabasi.