10 oyda 260 milliard so‘mdan ortiq byudjet mablag‘lari talon-toroj qilingan

Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti bo‘lim boshlig‘i Farhod Ochilov AOKAda bo‘lib o‘tgan anjumanda yil boshidan yo‘l qo‘yilgan qonunbuzarliklar bo‘yicha ayrim faktlarni keltirib o‘tdi.

Jumladan, iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti organlari tomonidan joriy yilning 10 oyida o‘tkazilgan tezkor tadbirlar natijasida davlat boshqaruvi organlari, ta’lim, sog‘liqni saqlash, bank, moliya, yoqilg‘i energetikasi, qurilish sohalarida jami 436 holatda 260 milliard so‘mdan ortiq byudjet mablag‘lari talon-toroj etilgani fosh qilindi.

Xususan, mansab vakolatlarini suiiste’mol qilish hamda soxtakorlikka yo‘l qo‘yish bilan bog‘liq 89 ta jinoyatga chek qo‘yilgan. Bu jinoyatlarning eng ko‘pi davlat boshqaruvi organlari hissasiga to‘g‘ri keladi.

Davlat xaridlarini sun’iy ravishda qimmat narxda sotib olish bilan bog‘liq 27 ta jinoyat aniqlangan. Ta’lim, sog‘liqni saqlash, yoqilg‘i energetika, madaniyat tizimi va boshqa yo‘nalishlarda ana shunday jinoyatlar ko‘proq qayd etildi.

Shu bilan birga, qurilish sohasidagi 187 ta jinoyat tufayli davlat byudjetiga 60 milliard so‘mlik zarar yetkazilgani aniqlangan. Ijtimoiy soha ob’yektlarini qurish va rekonstruksiya qilishda byudjet mablag‘larini talon-toroj qilish bilan bog‘liq 27 ta jinoyat fosh etilgan.