10 yildan buyon farzand ko‘rishni orzu qilgan ayol bir yo‘la uch egizakli bo‘ldi

Andijonlik Muyassarxon Mamatqulova viloyat skrining markazida uch nafar egizakni dunyoga keltirdi.

Baliqchi tumani Olimbek mahallasida yashovchi Javlonbek va Muyassarxon Mamatqulovlar oila qurganlariga qariyb o‘n yil bo‘ldi. O‘tgan ana shu yillar davomida ularga farzand ko‘rish nasib etmadi. Ko‘p davolanishdi, kimlardir ularga ajrashishni maslahat berdi. Lekin sevib, sevilib oila qurgan bu ikki yosh har qanday gap-so‘zlarga qaramasdan oilasini barbod qilmadi, farzandli bo‘lish umidi bilan yashadi.

Yaratganning marhamati bilan ular bir yo‘la uch egizakning ota-onasiga aylandi. Egizaklarga Fotima, Muhammadaziz va Zuhra deb ism qo‘yishdi. Shifokorlarning ta’kidlashlaricha, ona va egizaklarning salomatligi yaxshi. Bir-ikki kun ichida uylariga ketish uchun ruxsat berilar ekan.

O‘zAning yozishicha, Javlonbek duradgor usta, Muyassarxon esa chevarlik kasbida el-yurtga xizmat qilib keladi, mehnatsevarliklari, halol kasblari ortidan xalqning duosini olishadi. Ko‘pning duosi ijobat bo‘lib, ular ota-onalik baxtiga musharraf bo‘lgan bo‘lsa ajab emas.

– Inson sabr va umid bilan yashashi kerak, – deydi Javlonbek Mamatqulov. – Ayolim bilan sevishib turmush qurganmiz. Shaxsan men ajrashish haqida umuman o‘ylamaganman. Yaratganning marhamatini qarangki, o‘n yil deganda farzandli bo‘ldik. Shu o‘rinda men arzimagan sabablar tufayli ajrashib ketayotgan, farzandlarini tirik yetim qilib qo‘yayotgan insonlarga sabr-bardoshli bo‘lishni tilagan bo‘lardim.