10 yoshli qiz qarilikdan vafot etdi

Ukrainaning Vinnitsa viloyatidan bo‘lgan o‘n yoshli qiz Ira Ximich qarilikdan vafot etdi. Qizchaning o‘limi haqida onasi o‘zining Facebook sahifasida xabar bergan.

"Ira vafot etdi. Kecha uning yuragi to‘xtadi. Meni kechir, qizim, seni qutqara olmadim", deb yozadi ayol.

Qiz progeriyadan aziyat chekkan. Bu kam uchraydigan genetik, davolab bo‘lmaydigan kasallik, xattinson-gildford sindromi deb ham ataladi.

Kasallik teri va ichki organlarda o‘zgarishlar yuz berishi bilan kechadi. Bu organizmning erta qarishi natijasida yuzaga keladi - chaqaloq bir necha oy davomida normal rivojlanadi, ammo keyin uning qarishi sezilarli darajada tezlashadi.

Bolalikdagi progeriya tug‘ma bo‘lishi mumkin bo‘lsa-da, aksariyat bemorlarda odatda ikki-uch yoshdan keyin klinik belgilar paydo bo‘ladi. Bolaning o‘sishi keskin sekinlashadi, teri osti to‘qimalarida, ayniqsa yuz va oyoq-qo‘llarda atrofik o‘zgarishlar qayd etiladi. Teri ingichkalashadi, quriydi, ajin paydo bo‘ladi, tanada skleroderma (birikuvchi to‘qima kasalligi, uning asosiy namoyon bo‘lishi qon ta’minoti va organlar, to‘qimalarning qotishi bilan kechadi)ga o‘xshash o‘choqlar, giperpigmentatsiya paydo bo‘lishi mumkin. Yupqalashgan teridan tomirlar bo‘rtib turadi.

Bemorning tashqi ko‘rinishi: tumshuq shaklidagi burun bilan kichik uchli ("qush") yuz, katta bosh, pastki jag‘ rivojlanmaydi. Mushaklar atrofiyasi, tish, soch va tirnoqlarda degenerativ jarayonlar ham kuzatiladi.

Progeriya bilan kasallanganlar bir yilda biologik jihatdan o‘n yoshga to‘lishi mumkin. Bola progeriyasida o‘rtacha umr ko‘rish davomiyligi 13 yil.

Shifokorlar Irinaga besh yoshida tashxis qo‘yishgan edi.

G.Xoldorova tayyorladi.