100 jilddan iborat "Turkiy adabiyot durdonalari" nashr etildi

Turkiy davlatlar tashkilotining Samarqandda o‘tkazilgan birinchi sammiti arafasida yurtimizda  ana shu kitoblar turkumi bosmadan chiqdi.

Davlatimiz rahbari 2019 yil 15 oktyabr kuni  Ozarbayjonning Boku shahrida o‘tkazilgan Turkiy davlatlar hamkorlik kengashining navbatdagi sammitida tashkilotga a’zo davlatlar adabiyotining eng sara namunalaridan “Turkiy adabiyot durdonalari” nomli 100 jildlik kitoblar to‘plamini har bir mamlakatning ona tilida nashr etish tashabbusini ilgari surgan edi.

Ushbu tashabbus asosida ilk bor O‘zbekistonda mana shu to‘plam tayyorlanib, lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosida, ona tilimizda chop etildi.

Jamlanmaga umumturkiy adabiyotning eng sara namunalari, o‘zbek, qoraqalpoq, turk, ozarbayjon, qozoq, qirg‘iz, turkman va venger adabiyotining XI-XXI asrlarga mansub 629 nafar atoqli shoir, adib va mutafakkirlarining asarlari kiritilgan.

Kitoblar turkumi Mahmud Koshg‘ariy, Yusuf Xos Hojib, Ahmad Yugnakiy, Ahmad Yassaviy, Sulaymon Boqirg‘oniy va Nosiriddin Rabg‘uziy asarlarini o‘z ichiga olgan besh jildlik “Umumturkiy adabiyot namunalari” bilan boshlanadi. 6-33 jildlar “O‘zbek adabiyoti namunalari”dan iborat bo‘lib, undan Alisher Navoiy asarlaridan zamonaviy o‘zbek she’riyati va nasri namunalarigacha o‘rin olgan.

Shuningdek, majmuaning 17 jildi turk adabiyoti, 16 jildi ozarbayjon, 10 jildi qozoq, 9 jilddan qirg‘iz va turkman adabiyoti, 5 jildi qoraqalpoq va 1 jildi venger adabiyoti vakillarining asarlaridan iborat hisoblanadi.

– Ushbu adabiy ganjina nafaqat Markaziy Osiyo, balki butun turkiy tilli davlatlar orasida ilk bor ro‘yobga chiqarilgan yirik adabiy loyihaning amaliy ifodasi, aniqroq aytadigan bo‘lsak, Yangi O‘zbekistonning yangi siyosiy mahsuli, ona yurtimizda madaniyat va san’atga ko‘rsatilayotgan ulkan g‘amxo‘rlikning, xalqimizning qardosh xalqlar va ularning so‘z san’atiga nisbatan yuksak hurmat-ehtiromi ramzidir, - deb yozadi turkum birinchi jildi so‘zboshisida O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, O‘zbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyid.

Turkumni tayyorlash uchun 200 nafardan ortiq tarjimonlar, 100 nafardan ko‘proq adabiyotshunos, matnshunos olimlar, adiblar, muharrir va rassomlar jalb etilgan.

Asarlar majmuasi “O‘zbekiston” nashriyoti tomonidan 200 ming nusxada chop etildi.