Narpaydagi suv va oqova muammolari qachon hal bo‘ladi?

Bugungi kunda Narpay tumanida istiqomat qiladigan 233 ming aholining toza ichimlik suvi bilan ta’minlanganlik darajasi 72,5 foizni tashkil qilsa, 4,8 foizi oqova tarmoqlaridan foydalanadi.

Tuman markazi – Oqtosh shaharchasida 1960-1962 yillarda 18 ta 2 qavatli uy qurilgan bo‘lib, o‘sha vaqtda  ichimlik suvi va oqova tarmoqlari tortilgan. Oqova tozalash inshooti mazkur uylardan tashqari o‘nlab yirik ishlab chiqarish korxonalari va 30 dan ziyod ijtimoiy soha obektlariga xizmat qilib kelgan. O‘tgan 60 yil davomida yana ko‘plab uy-joylar, korxona-tashkilotlar bunyod etildi. Ularning oqovalari kelib tushadigan inshoot eskirib, tarmoq butunlay izdan chiqdi. Inshoot joylashgan hududdagi mahalla va qishloqlarda yashovchi aholi badbo‘y hiddan nafas olib bo‘lmay qolgani, ekologiya ifloslanib ketgani tufayli turli kasalliklar kelib chiqishidan xavotir olib, tuman va viloyat rahbarlariga qayta-qayta shikoyat qilaverganidan nihoyat yangi suvoqova inshooti qurishga qaror qilindi. 2019 yilga kelib, tuman markazidan 4 kilometr uzoqlikdagi Do‘stlik mahallasi hududida xorij texnologiyalari asosida sutkasiga 2 ming kub oqova suvni qayta tozalovchi inshoot qurilib, foydalanishga topshirildi.

- Bu yillar davomida bunyodkorlik ishlari davom etib, yana 23 ta ko‘p qavatli uylar qurildi, - deydi «Samarqand suv ta’minoti» Narpay tumani bo‘limi boshlig‘i Azamat Mahmudov. - Bugunga kelib, 66 ta ko‘p qavatli uyda 8 mingdan ziyod aholi yashaydi. Lekin 2 ming kub suvni tozalashga mo‘ljallangan mazkur inshoot hozirda sanoat korxonalari va ko‘p qavatli uylarning ko‘payishi natijasida bir kecha-kunduzda 3200-3500 metr kub oqova suvlarini qabul qilmoqda.

Hozirda mazkur lokal inshoot va 6,6 kilometr uzunlikdagi tarmoq orqali 14 ta maktab, 55 ta bolalar bog‘chasi, 4 ta tibbiyot muassasasi, shuningdek, paxtani qayta ishlovchi klaster, tikuvchilik fabrikasi kabi 6 ta yirik sanoat korxonasining oqova suvlari markaziy tarmoqqa chiqarib kelinmoqda. Inshootda oqova suvlarni mexanik tozalash jarayoni uchun 30 dona qayta ishlovchi maxsus idish bor. 

Joriy yil Tinchlik mahallasi va Gazchilar qo‘rg‘onidagi 19 ta, shuningdek, Narpay mahallasida 12 ta yangi qurilgan ko‘p qavatli uy markaziy oqova inshootiga ulangach, bosim yanada oshib ketdi. Shu atrofda joylashgan Do‘stlik, Yangiobod va Navro‘z mahallalari aholisi inshootdan chiqayotgan badbo‘y hiddan qiynalganlarini aytmoqda. Ayniqsa, yosh bolalar o‘rtasida turli yuqumli kasalliklar tarqalishidan xavfsiramoqda.

- Besh yildan buyon shu ahvol, ayniqsa, issiq kunlari hidiga chidab bo‘lmaydi, - deydi shu mahallada yashovchi Fozil Namozov. – Uyimizga mehmon chaqirishga uyalamiz. Bu muammoni hal qilishni so‘rab bir necha bor tuman rahbarlariga murojaat qildik, lekin foydasi bo‘lmayapti. Ularning “kelasi yil yangi loyiha qilamiz”, deyishdan boshqa javobi yo‘q. Nahotki yangi ko‘p qavatli uylarni qurishni rejalashtirishdan, oldin ularni ichimlik suvi va kanalizatsiya bilan ta’minlash masalasini o‘ylab ko‘rishmagan bo‘lsa?

Ko‘p qavatli uylarning barchasi ham markaziy oqova tarmog‘iga ulanmagan. Jumladan, Xalqobod mahallasida 7 ta, Nog‘oraxonada 3 ta va Baxt mahallasida 1 ta ko‘p qavatli uy oqovasi maxsus quduqlarga tashlanmoqda. Ularni “Samarqand suv ta’minoti” AJning tuman filiali xodimlari muntazam tozalab turishar ekan.

-  O‘tgan yili qurilgan ko‘p qavatli uylardan biriga ko‘chib o‘tganmiz, -deydi I.Norboyev. – Yangi uyda barcha sharoit yaxshi, suv, gaz, elektr, oqova muntazam bo‘ladi deb xomxayol qilgan ekanmiz. Dastlabki oylarda muammolar bo‘lmadi. Keyinchalik elektr va gazda uzilishlar boshlandi. Ichimlik suvi ham soatbay beriladigan bo‘ldi. Eng katta muammo - oqova tizimining yaxshi ishlamasligi. Kanalizatsiya qudug‘i to‘lib ketgani sababli yog‘ingarchilik kunlari toshib yotadi. Kommunal xizmatga murojaat qilsak, darrov tuzatishadi. Ammo ular kelgunicha, hidiga chidab bo‘lmaydi.    

Tumanda aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash bo‘yicha ham yangi loyihalar amalga oshirilmoqda. Islom taraqqiyot banki jamg‘armasi mablag‘lari asosida Turon, Nog‘oraxona, Istiqlol, Navro‘z va Sarbozor mahallalari aholisiga toza ichimlik suvi yetkazib berish uchun 8,5 milliard so‘m mablag‘ ajratilgan bo‘lib, 18,3 kilometr ichimlik suvi tarmoqlari tortilmoqda.

Shuningdek, joriy yil dasht hududidagi Bo‘ston mahallasining Qo‘shtepa va Oybek qishlog‘i aholisi toza ichimlik suvidan bahramand bo‘ldi. “Samarqand suv ta’minoti” AJning tuman filiali tashabbusi bilan 17 kilometr uzoqda joylashgan buloqdan tarmoq tortib kelindi.    

Biroq tumanda markazlashmagan ichimlik suvi bilan ta’minlanmagan Oltio‘g‘il, Umid, Bolg‘ali, Mang‘it, Tepaqo‘rg‘on kabi mahallalar aholisi shu muammodan qiynalmoqda.

-  Tog‘ va chekka hududlarda joylashgan mazkur mahallalarning ichimlik suvi muammosini suv tashib borish bilan hal qilyapmiz, -deydi Azamat Mahmudov. – Korxonamizda 6 ta maxsus suv tashuvchi mashina bor. Haftasiga uch marta qatnaymiz. Har bir qishloqda 2-3 tadan xususiy rezevuar mashinalar ham bor. Ular xohlagan vaqti kelib, korxonamizda joylashgan nasos stansiyasidan toza suv to‘ldirib ketishadi.    

Tuman markazida 14 mahalla bo‘lib, yaqin yillarda shaharcha aholisi soni 41 mingga yetishi kutilmoqda. Ichimlik suvi va oqova tarmoqlarini yaxshilash maqsadida bir necha bor takliflar berildi. Ammo loyiha qabul qilinmay qolavergan. 2026 yil uchun ham yangi loyiha berilgan. Bu loyihada 100 milliard so‘mdan ziyod mablag‘ evaziga 15,5 kilometr tarmoq tortish,  5 ming kub oqovani tozalovchi inshoot qurish ko‘zda tutilgan.

Ammo bu loyiha qachon amalga oshadi? Qachon mablag‘ ajratilib, qachon qurilish ishlari boshlanadi? Ungacha-chi? Aholi va’dalarga ishonib, chidam turishi kerakmi?

Dilmurod TO‘XTAEV,

“Zarafshon” muxbiri.