1080 o‘rinli markazda joy yetmay qolayotgani – MISh-MISh
Aholi orasida Samarqand shahridagi koronavirusdan davolanish uchun tashkil etilgan markazda bemorlar ko‘payib, joy yetmay qolayogani haqida gap-so‘z tarqala boshladi. Zarnews.uz muxbiri mazkur markazda bo‘lib, u yerdagi vaziyat bilan tanishdi.
Bemorlar sport majmuasida tashkil etilgan 1080 o‘rinli davolash va taqsimlash markaziga olib kelinganida avvalambor undan zarur bo‘lgan barcha tahlillar olinadi va ahvoliga qarab bo‘limga joylashtiriladi.
– Kelganimda ahvolim ancha og‘ir edi, nafas olishim qiyinlashib, o‘zimni yomon his qilayotgandim, - deydi A.Bagirov. – O‘pkam tekshirilganda 50 foiz zararlanish, degan tashxisni eshitgach, to‘g‘risi, kayfiyatim tushib, ahvolim battar og‘irlashdi. Xuddi endi tuzalmaydiganday, tushkun bo‘lib qoldim. Vrachlar darhol kerakli muolajalarni amalga oshirdi. Ammo tushkunligim sabab ahvol o‘zgarmayotganini aytishdi va bunday holatlar juda ko‘p bo‘lishini, agar ruhiy jihatdan o‘zimni o‘nglab olmasam salomatligim qiyin tiklanishini aytishdi. Shirin muomala, yaxshi gaplar bilan mening kayfiyatimni ko‘tarishga intilishdi. Haqiqatan, keyin bilsam, men kabi bu shifoxonaga tushganlarning bir qanchasi davolanib chiqib ketgan ekan. Hozir ahvolim ancha yaxshi. Erkin nafas olish nechog‘lik muhim, qanchalik ulug‘ ne’mat ekanligini his qilib o‘tiribman. Shukur qilishdan charchamayman, hamma o‘zini asrasin ekan… Kezi kelganda farzanding ham senga qarolmay qolgan bir paytda bu yerda mehnat qilayotgan barcha tibbiyot xodimlarini bugunning qahramonlariga qiyosladim.
Ayni paytda markazda 600 nafar bemor davolanmoqda. Shu kunlarda yurtimizda bo‘lib turgan rossiyalik mutaxassislardan bir guruhi Samarqand shahar tibbiyot birlashmasi boshlig‘i Ahmadjon Bobojanov, davolash va taqsimlash markazi bosh vrachi Dilshod Burxonov hamrohligida vaqtinchalik shifoxonada yaratilgan sharoit, bemorlarni davolash jarayoni tanishdilar.
Mehmonlar bu yerda bemorlarni qabul qilish tizimi bilan tanishdi. Reanimatsiyadagi og‘ir bemorlarni ko‘rikdan o‘tkazib, zarur tavsiyalarini berdi.
- Rossiyalik shifokorlarning markaz haqidagi fikrlari ijobiy, - deydi A.Bobojonov. – Davolanish jarayonlariga kichik o‘zgartirishlar kiritib, og‘ir ahvoldagi bemorlarni davolash bo‘yicha o‘z tavsiyalarini aytishdi. Markaz qabul bo‘limi, autsorsing xizmati, dorixona, rentgen, laboratoriya faoliyati, shuningdek, bemorlarga berilayotgan ovqatlarning sifatini yuqori baholadilar.
Markazning bir eshigidan bemorlar kirib kelayotgan bo‘lsa, boshqasidan bu darddan forig‘ bo‘lib, osmonga qarab to‘yib-to‘yib nafas olib chiqayotgan kishini uchratish mumkin.