11 marta sudlangan samarqandlik ayol yana o‘g‘irlikka qo‘l urdi

Sha’niga loy chaplayotgan ayollar haqida eshitsang, “nahot, farzandlarining ertasini o‘ylamadi yoki ota-onasining, yaqinlarining yuzini yerga qaratishdan uyalmadi?” degan o‘y keladi xayolingga. Ammo hayot sinovlaridan o‘tolmagan ayrim ojizalar onalik va ayollik nomiga dog‘ tushirishga qodir ekan.

Feruza hayotda o‘g‘irlikni o‘ziga kasb qilgan ayollardan bo‘lib chiqdi. Unga muqaddam 11 marta o‘g‘irlik jinoyati sodir etgani uchun sud tomonidan tegishli jazolar tayinlangan. Lekin u bundan tegishli xulosa qilmagan.

2020 yil 13 iyul kuni Feruzada Samarqand shahridagi Sartepa maskanida aylanib yurib, bironta xonadonga kirib o‘g‘irlik qilish, pul topish istagi paydo bo‘ladi va o‘ziga o‘lja qidira boshlaydi.

Ko‘p qavatli uydagi xonadonlardan birining kirish eshigi ochiq holatda qoldirilganligidan foydalanib, mazkur xonadonga kiradi va yotoqxonada bo‘lgan, bahosi 60.000 so‘mlik ayollar sumkasini, sumkaning ichida bo‘lgan, bahosi 1.000.000 so‘mlik uch dona ayollar uzugini, 192.000 so‘m pullarni, O‘zbekiston Respublikasi milliy valyutasida 19776,2 so‘mga teng bo‘lgan 20 somoniy Tojikiston kupyurasini, 28.496 so‘mga teng 200 Rossiya rublini, 85,8 ming so‘mga teng bo‘lgan 10 Eron dirxami, jami bahosi 1.310.542,73 so‘mlik mol-mulklarni o‘g‘irlab, voqea joyidan yashiringan.

Huquqni muhofaza qilish idoralari xodimlarining tezkorlik bilan amalga oshirgan harakati natijasida jinoyat issig‘ida ochilib, Feruza shu kunning o‘zida qo‘lga olingan.

Sud tomonidan jinoyatchi bir necha bor o‘g‘irlik qilib, jazo o‘tab chiqqan bo‘lsa-da, o‘ziga kerakli xulosa qilmasdan, yana bir bor qasddan jinoyatga qo‘l urganligi, ayolligi, voyaga yetmagan farzandlari borligi inobatga olinib, tegishli tartibda jazo chorasi tayinlandi.

Muhiddin TO‘XTAYeV,

jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand viloyati sudi sudyasi.

Shohrux MIRZAAHMEDOV,

jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudi sudyasi.