11705-shaxsiy ish yoki jadid Saidrizo Alizoda hayotiga oid ayrim ma’lumotlar
“Zarafshon” gazetasi asoschilaridan, milliy matbuot tamal toshini qo‘yganlardan biri, ma’rifatparvar Saidrizo Alizoda tug‘ilgan kunining 135 yilligini nishonlashga tayyorgarlik ko‘rilyapti. Adibning ikkita kitobi Samarqand davlat universiteti olimlari tomonidan nashrga tayyorlandi. Samarqand shahar hokimligi Saidrizo Alizoda uy-muzeyida ta’mirlash ishlarini tashkil etdi. Jadid bobomizning nabirasi Farhod Alizoda bizga Rossiya arxivlaridan qo‘lga kiritgan ayrim hujjatlarni taqdim etdi.
Mashaqqatlar to‘fonida
Avvaliga chor Rossiyasi, keyinchalik bolsheviklar partiyasi siyosati, aniqrog‘i, zug‘umi ostida ozodlik, mustaqillik haqida gapirish har kimning qo‘lidan kelmasdi. Shu sababli jadidlar bunday kurashga, avvalo, xonligu amirliklar davrida o‘zaro nizolar tufayli parokanda bo‘lgan millatni ma’rifatga chorlashni to‘g‘ri yo‘l, deb hisobladilar. Ular Samarqand va uning atrofidagi mavzelarda zamonaviy ilm beradigan maktablar ochishga, bu maktablar uchun alifbo va darsliklar yozishga kirishdilar.
Asosiy ziyolilar o‘zbek tili (o‘rta turk shevasida) chiquvchi “Samarqand” (bu Morozov rus tilida chiqargan “Samarkand” emas) gazetasi tahririyati atrofida birlashdilar. Har gal gazeta yopilgach, yangi nomlar bilan chiqavergan: “Hurriyat”, “Mehnatkashlar tovushi”, “Kambag‘allar o‘qi”, “Zarafshon” va hokazo.
Samarqand gubernatori Mahmudxo‘ja Behbudiyning “Samarqand” gazetasini o‘zbek va tojik tilida chiqarishga ruxsat so‘ragan. Ruxsat berilgan, ammo tojik tilidagi gazetaga obuna uyushtirish muammo bo‘lgan, shu sababli gazeta chiqmay qolgan. Ana shunday paytda Saidrizo Alizoda “Shu’lai inqilob” jurnalini ta’sis etgan. U kommunist-bolsheviklar partiyasi viloyat kengashi organi bo‘lgan. Muallifning 1919 yil 18 noyabrdagi ma’lumotiga ko‘ra, tahririyatda o‘sha paytda muharrir 1200 rubl, adabiy xodim 1100 rubl, musahhih 1100 va tarjimon, ekspeditor, tashuvchi 100 rubldan maosh olib ishlashgan. Chetdan axborot beruvchilarga 1500 rubl ajratilgan.
Darvoqe, hujjatlar orasida kommunist-bolsheviklar partiyasi ishchi-batrak musulmonlar viloyat bo‘limi kotibining xati ham chiqdi. Unda kotib “Shu’lai inqilob” jurnalini chiqarishga respublika rahbariyatidan ruxsat so‘raydi. 500 nusxa obuna uyushtirishni o‘z gardaniga oladi. Jurnalning birinchi sonini musulmonlar bayrami – 21 martga chiqarish taklifini aytgan.
Yuqori tashkilot vakili Borodskaya 1919 yil 4 martda kompartiya viloyat qo‘mitasiga ushbuni moliyaviy qo‘llashni, jurnal siyosiy yo‘nalishi uchun obkom bo‘lim mudiri mas’ul ekanini ta’kidlab, rozilik bildiradi.
Binobarin, Alizoda imzosi bilan tasdiqlangan yana bir xatda Samarqand uyezdi rahbariga fors tilida chop etilayotgan “Shu’lai inqilob” jurnali chop etilishi to‘xtatilgani va uning sababi aytilgan:
- Obunachilar muddati tugagani, yangi obunachilarni jalb etuvchilar yo‘qligi;
- Litografiya idorasi tomonidan muqova uchun qizil rangli qog‘oz berilmayotgani, berilgan sariq rangli qog‘oz maqsadga muvofiq emasligi;
- Xodimlar yo‘qligi tufayli jurnalni tayyorlash va chop etish bilan bog‘liq barcha ishlar faqat muharrir zimmasida qolganligi.
Bu hujjat 1919 yilning 30 oktyabrida imzolangan.
Yana ikkita hujjat diqqatimni tortdi. 1919 yil 1 iyulda Saidrizo Alizodaga berilgan guvohnomada uning kommunistlar (bolsheviklar) partiyasi Samarqand uyezdi, Bog‘ishamol va eski shahar umumiy yig‘ilishlari 2-qarori bilan 15 iyundan e’tiboran Samarqand viloyat milliy masalalar bo‘yicha bo‘limi fors bo‘linmasi mudiri etib tasdiqlangani aytilgan.
Ikkinchi mandat 1919 yil 23 avgustda berilgan. Unda Saidrizo Aliyev (Alizoda) kommunistlar (bolsheviklar) Bog‘ishamol rayon qo‘mitasi raisi sifatida viloyat partiya qo‘mitasi konferensiyasiga delegat etib saylangani qayd etilgan.
Endi o‘z-o‘zidan savol tug‘iladi: Saidrizo Alizoda kommunistlar partiyasi bo‘limlari bilan bamaslahat ish tutgan bo‘lsa, ular ishonchiga erishgan bo‘lsa, unda bu jadid nega “davlat dushmani” sifatida qatag‘onga uchradi?
So‘roqsiz, guvohsiz, asossiz qamoq
Bu holatni boshqacha izohlab bo‘lmaydi.
Boshqa jadidlar qatori Alizoda ham o‘z faolligi bilan el orasida tanilib qolgandi. Tojik maktablari uchun alifbo yozdi, lug‘at tuzdi. Jahon klassiklarining ko‘p asarlarini tojik tiliga o‘girdi. Shuning uchun uni Tojikiston davlat nashriyotiga ishga taklif etishdi. Ayniqsa, “Shu’lai inqilob” jurnali qisqa davrda ommalashdi. Jurnal ilojsizlikdan, mablag‘ yo‘qligidan yopilgach, Saidrizo Alizoda tarjima bilan shug‘ullandi, SamDUda dars berdi.
Ijodi «gullagan» ana shunday bir paytda uni 1938 yil 3 fevral kuni “antisovet targ‘iboti yuritgani uchun” qamoqqa olishadi.
“O‘rmonga o‘t tushsa, ho‘lu quruq barobar yonadi” deganlari rost ekan. “Shu’lai inqilob” fors tilida chiqqanligi uchun Saidrizo Alizoda jurnalni Eron konsuli orqali forsiyzabon mamlakatlarga tarqatgan. Musabiy, Mavbariy kabi millatparvarlar maqolalarini chop etgan. Garchi bu maqolalarda davlat xavfsizligiga tahdid bo‘lmasa-da, NKVDning gumoniga binoan uni qamoqqa olishgan.
Bir oydan so‘ng uni Samarqand NKVDsi ichki turmasiga o‘tkazishgan. So‘rog‘u tekshirishlardan natija chiqmagach, yasama ayblar qo‘yishgan. 1940 yil 8 dekabrda sog‘lig‘i yomonlashgani sababli Samarqand 2-umumiy turmasiga o‘tkazishgan (Darvoqe, bu turma o‘sha paytda hozirgi viloyat ko‘ptarmoqli shifoxonasi joyida bo‘lgan).
Shu o‘rinda isbot uchun bir hujjat mazmunini keltiraman. Bu – Samarqand 2-umumiy turma boshlig‘i tomonidan Samarqand viloyati davlat xavfsizligi boshlig‘i, davlat xavfsizligi kapitani Aslonikashvili (nusxasi viloyat prokurori o‘rinbosari Ahmedov)ga yo‘llangan bildirgi. Unda ta’kidlanishicha, bu ikki tashkilot tashabbusi bilan qamalgan 8 nafar mahbus, shulardan biri Saidrizo Alizoda muddati uzaytirilmagan bo‘lsa-da, turmada saqlanayotgani aytilgan.
Mana sizga inson taqdirining qiymati! Mana, sizga kommunistlar tizimining “qudrati”!
Nihoyat, 1942 yil dekabrida sud hukmisiz uch yil turmada azob chekkan mahbus ustidan sud emas, balki SSSR ichki ishlar vazirligi huzuridagi alohida kengash tomonidan hukm o‘qildi va uni Rossiyadagi Sol-Iletsk turmasiga yuborishdi. Ko‘p o‘tmay, avgust oyida Tobol turmasiga o‘tkazishdi.
“Urush tugaguncha turmada saqlansin”
Tobolsk turmasida 1943 yil 4 fevralda Saidrizo Alizodaning jazo muddati tugaydi. Sibir sovuqlarida o‘pkasini oldirib qo‘ygan jadid muharrir kun sanab keladi. Biroq NKVD turma rahbariyatiga mahbus antisovet targ‘iboti uchun qamalganligi sababli uni urush tugagunga qadar turmada ushlab turishni topshiradi. Hatto SSSR NKVDsi turmalar boshlig‘i katta inspektori Skoroxodov nomidan kelgan xatda bu holatni mahbusning o‘ziga tushuntirish kerakligi aytiladi.
Shunday bo‘ldi ham. 1944 yilning noyabrida Saidrizo Alizodani Vladimir turmasiga olib kelishdi. Ruhi so‘ngan, taqdirga tan bergan jadid oxirgi umid bilan uydagilarga xat yozdi. Ammo bu xat manziliga yetib kelmadi. Urush tugagandan so‘ng ham uni qo‘yib yuborishmadi. Va... 1945 yilning 24 dekabrida o‘pka shamollashidan vafot etdi. 26 dekabrda esa uni turma yaqinidagi qabristonga tongda dafn etdilar.
Kechikkan oqlov
Stalin davridagi qatag‘on jarayoni tahlil qilinib, tanqidga uchragach, millionlab aybsiz aybdorlar qatori ma’rifatparvar Saidrizo Alizoda ishiga ham navbat keldi. 1958 yil 16 yanvarda O‘zbekiston SSR Oliy sudi sudlov kollegiyasining yopiq majlisida ko‘rib chiqildi. Unda respublika prokurorining NKVD alohida kengashining 1941 yil 16 dekabrdagi qarori asossiz deb topildi.
Xususan, Saidrizo Alizodaning 1931-1932 yillarda Samarqand shahrida yashovchi eroniylar o‘rtasida kolxozga kirmaslik, soliq to‘lamaslik haqidagi targ‘iboti isbotlanmagan. Unga tarjimon sifatida “Ovozi tojik” gazetasida birinchi may shiorlarini berishda “Yo‘qolsin imperializm!” o‘rniga “Yo‘qolsin komintern!” deb yozgan, degani yolg‘on bo‘lib chiqdi. Gazetada bu iboralar yo‘q ekan. Turmada bo‘laturib, qarindoshlariga antisovet ruhidagi xatlar yozgani ham isbotlanmadi. Sudga taklif etilgan guvohlar tergovchi yozgan gaplarni aytmaganligini, Saidrizo og‘a ilmli, vatanparvar ekanini aytishdi.
Sud tergov biryoqlama o‘tkazilgani, ayblar isbotini topmagani uchun NKVD alohida kengashi qarorini bekor qildi va Saidrizo Alizodani aybsiz, deb topdi.
Lekin xalq va Saidrizo Alizodani bilganlar o‘z hukmini oldinroq chiqarib qo‘ygandi. Nevarasi Farhod aka tashabbusi bilan Vladimir shahridagi qabristondan ulug‘ jadid hoki Samarqanddagi Panjob qabristoniga keltirildi. Ma’rifatparvar hayotini o‘rganish bilan bog‘liq boshqa holatlar avvaldan mushtariylarga yetkazilgani bois ularga to‘xtalib o‘tirmadik.
El ma’rifati, ozodligi yo‘lida shahid ketgan olim, tarjimon, jurnalist Saidrizo Alizodaning joyi jannatdan bo‘lsin!
Farmon Toshev.