118 nafar qidiruvdagi shaxs mahalla xodimlari tomonidan ushlangan, 869 ta jinoyat holati ular tomonidan fosh etilgan
AOKAda bo‘lib o‘tgan brifingda Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi axborot xizmati rahbari Saodat Boymirzayeva mahalla faoliyatiga oid savollar yuzasidan ma’lumot berdi.
Qayd etilishicha, mahallalarda profilaktika inspektori lavozimi bo‘yicha qo‘shimcha 2 573 ta shtat birligi joriy etilib, barcha fuqarolar yig‘inlarida ularning to‘liq faoliyat yuritishi ta’minlangan.
Shuningdek, kriminogen vaziyati og‘ir bo‘lgan 2 450 ta "qizil" hududga Milliy gvardiya xodimlari biriktirilgan.
“Ijtimoiy profilaktika” tizimining profilaktik tadbirlari natijasida 9 216 ta mahallaning 6 542 tasida (71 foiz) jinoyat sodir etilishining oldi olindi, 790 tasida esa jinoyatchilik kamayishiga erishildi.
Zo‘ravonlikdan jabr ko‘rgan 11 070 nafar xotin-qizga himoya orderi berildi. Jinoyatchilikni oldini olish bo‘yicha 569 615 ta ob’yektga videokuzatuv kameralari o‘rnatilishi tashkil etildi.
Mahalla xodimlari tomonidan 118 nafar qidiruvdagi shaxslar ushlandi, 869 ta jinoyat ular tomonidan fosh etildi.
2509 nafar shaxs reabilitatsiya markazlariga, 2 957 nafar qarovsiz voyaga yetmaganlar ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatish markazlariga joylashtirildi.
Profilaktik hisobda turgan 423 nafar ayolga shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarni qayta tiklashda ko‘mak berildi.
Nizoli oilalardagi muhitni sog‘lomlashtirish borasidagi ishlar natijasida 3 756 ta oilaning notinchligiga barham berilib, 1 330 ta oilada ajrimlarning oldi olindi.