1192 nafar o‘quvchi fan olimpiadasining viloyat bosqichida qatnashadi

Joriy yilning 4-9 yanvar kunlari Respublika fan olimpiadasining ikkinchi — tuman (shahar) bosqichlari o‘tkazilgani haqida xabar bergandik.

Unda viloyat umumta’lim maktablari, ixtisoslashtirilgan davlat ta’lim muassasalarining 8440 nafar 9-11 sinf o‘quvchilari 18 ta fan bo‘yicha o‘z bilimlarini yozma va amaliy (laboratoriya) hamda test orqali sinovdan o‘tkazishdi.

Samarqand viloyati xalq ta’limi boshqarmasi tashabbusi bilan joriy yilgi fan olimpiadalarining adolatli, shaffof o‘tishiga alohida e’tibor qaratilganligini ta’kidlash joiz. O‘quvchilar tuman va shahardagi ta’lim muassasalarining sport zallarida, kuzatuv kameralari nazoratida o‘z bilimlarini namoyish etishdi. Ota-onalar, o‘qituvchilar hamda keng jamoatchilikka sinov jarayonlarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri kuzatish imkoniyati yaratildi.

Fan olimpiadasi jarayonlarida hakamlar tomonidan o‘quvchilarning bilimini sinovdan o‘tkazish amaliyotiga alohida e’tibor qaratildi. 3400 nafar o‘qituvchilar saralanib, 2019 yilning 27 dekabr kuni bo‘lg‘usi hakamlar hay’ati a’zolari fanlar bo‘yicha test sinovlaridan o‘tkazildi. 75 balldan 100 ballgacha to‘plab, yuqori natijalarni qayd etgan 1200 nafar o‘qituvchi hakamlikka jalb etildi. Bundan tashqari, turli g‘ayritabiiy holatlarning oldini olish maqsadida hakamlar uchun muassasalarning o‘zida tushlik tashkil etildi va ularning nazorat ishlarini tekshiradigan xonalarga ham kuzatuv kameralari o‘rnatildi. O‘quvchilarning bilimlarini xolisona va haqqoniy baholashda ushbu tartib o‘zining ijobiy samarasini berdi.

Eslatib o‘tamiz, fan olimpiadasining ikkinchi — tuman (shahar) bosqichida qatnashgan 8440 nafar 9-11 sinf o‘quvchilaridan 1192 nafari g‘oliblikni qo‘lga kiritib, navbatdagi bosqichda qatnashish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Ushbu bosqichda 1-o‘rinni qo‘lga kiritgan 11-sinf o‘quvchilari Respublika bosqichiga yo‘llanma oladi. Viloyat bosqichida g‘olib bo‘lgan 10-sinf o‘quvchilari esa kelgusi yil o‘tkaziladigan fan olimpiadasining viloyat bosqichida to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishtirok etadi.

Fan olimpiadasining viloyat bosqichi 2020 yilning mart oyida o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan.

Samarqand viloyati xalq ta’limi boshqarmasi axborot xizmati.