12 dekabrdan havo harorati me’yordan -8 -10 darajagacha pasayishi kutilmoqda
"O‘zgidromet" ma’lum qilishicha, joriy yilning 12-15 dekabrida O‘zbekiston hududiga Kaspiy dengizi hududlaridan nam havo, so‘ngra Ural hududlaridan sovuq havo massalari kirib keladi.
12-14 dekabr kunlari respublikada vaqti-vaqti bilan yog‘ingarchilik (yomg‘ir, qorga aylanadi) bo‘ladi.
Tog‘ va tog‘ oldi tumanlarda 12-13 dekabr kunlari yog‘ingarchilik (yomg‘ir, qor) kuzatiladi, ayrim hududlarda kuchli yog‘ingarchilik kutilmoqda. Shuningdek, ba’zi joylarda shamol 15-20 m/s gacha kuchayishi mumkin.
Respublika bo‘yicha havo harorati me’yordan -8-10 darajagacha pasayishi kutilmoqda.
13-15 dekabr kunlari havo harorati kechalari -3…-8 darajacha, kunduz kunlari 0...+5 darajagacha, shimolda kechalari -7...-12 darajagacha, ba’zi joylarda -14...-16 darajagacha, kunduz kunlari +2...-3 darajagacha pasayadi.