13-19 noyabr kunlari O‘zbekistonda «Bag‘rikenglik haftaligi» o‘tkaziladi

16 noyabr - Xalqaro bag‘rikenglik kuniga bag‘ishlangan mazkur haftalikni o‘tkazishdan maqsad jamiyatimizda do‘stlik va bag‘rikenglik muhitini mustahkamlash, yoshlarni Vatanga muhabbat va sadoqat, milliy va umuminsoniy qadriyatlarni hurmat qilish ruhida tarbiyalash, xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalarini rivojlantirishdan iborat.

Haftalik doirasida «O‘zbekiston - bag‘rikeng diyor» shiori ostida turkum madaniy-ma’rifiy tadbirlar, jumladan, «Millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglik – samarali hamkorlikning muhim omili» xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyasi, turli millat yozuvchi va olimlari asarlariga bag‘ishlangan «Kitobxonlik bizni birlashtiradi» kitoblar ko‘rgazmasi, «Bag‘rikeng diyor» fotoko‘rgazmasi, madaniyat va san’at ustalari ishtirokida «Bag‘rikenglik ohanglari» kabi tadbirlar o‘tkaziladi.

Bundan tashqari, umumta’lim maktablarida mavzuga oid ko‘rgazma, insho va rasmlar tanlovlari, she’rxonlik kechalari, oliy ta’lim muassasalarida ilmiy-amaliy tadbir va davra suhbatlari, istirohat bog‘lari va madaniyat maskanlarida konsertlar, qardosh xalqlari yozuvchi-shoirlari va rassomlarining badiiy ko‘rgazmalari, badiiy va hujjatli filmmlar namoyishi tashkil etiladi.

«Bag‘rikenglik haftaligi» doirasida tashkil etiladigan barcha tadbirlar aholi, ayniqsa, yosh avlodni respublikamizda yashab turgan turli millat va elat vakillarining tili, madaniyati, an’analari va urf-odatlarini saqlash hamda rivojlantirishga, mamlakatimiz taraqqiyotiga o‘z hissasini qo‘shishga, jamiyatda ko‘p millatli katta oila tuyg‘usini, millatlararo totuvlik hamda diniy bag‘rikenglikni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.