132 fuqaroni xorijga yuborishga va’da berib, bir necha milliard so‘mni o‘zlashtirgan agentlik mansabdorlari ustidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi
O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti ish yurituvida «International Job Organization – xususiy bandlik agentligi» MChJ mansabdor shaxslariga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi «a» bandi bilan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi bo‘yicha tergov harakatlari olib borilmoqda. Bu haqda IIV huzuridagi Tergov departamenti xabar berdi.
Aniqlanishicha, 1993 yili Qirg‘iziston Respublikasida tug‘ilgan fuqaroligi bo‘lmagan shaxs Sh.A. Toshkent shahar, Yunusobod tumani, A.Donish ko‘chasi, 2-mavzeda joylashgan, faoliyat turiga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasidan tashqarida ish izlovchi fuqarolarni xorijiy davlatda ishga joylashtirish, bo‘sh ish o‘rinlari haqida ma’lumotlar berish hisoblangan «International Job Organization – xususiy bandlik agentligi» MChJ uchun 2019 yilning 19 aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligidan 0058-sonli litsenziya olib, jamiyatga rahbarlik qilib kelgan.
Jamiyat tashkil topgan kundan bugungi kunga qadar bo‘lgan vaqt oralig‘ida firibgarlik yo‘li bilan o‘zganing mulkini qo‘lga kiritishni maqsad qilib, respublikamizning barcha viloyatlarida vakolatxona ochib, turli OAV orqali jamiyat haqida e’lonlar berib, bosh ofis va vakolatxonaga ishga joylashish bo‘yicha murojaat qilib kelgan fuqarolarni Koreya Respublikasi va Yevropa qit’asida joylashgan davlatlarga ishga yuborishini va’da qiladi. Ularga Tashqi mehnat migratsiyasi agentligidan olgan litsenziyani ko‘rsatib, Polsha davlatida faoliyat ko‘rsatib kelayotgan «APEX Sp.z.o.o» va «WIN SOLUTION Sp.z.o.o» korxonalari bilan tuzilgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini ishga joylashtirish to‘g‘risidagi memorandumni ko‘rsatish orqali fuqarolarning ishonchiga kiradi.
Amalda esa biror-bir fuqaroni ishga jo‘natishni maqsad qilmasdan, har bir fuqarodan taklif etilgan davlatdagi ishdan kelib chiqqan holda dastlabki tergov davomida aniqlangan 132 nafar fuqarodan 45,0 mln. so‘mgacha bo‘lgan miqdordagi pullarni agentlikning bank hisob raqamiga kirim qilish yo‘li bilan qo‘lga kiritib, ushbu fuqarolarning birortasini hech qaysi bir xorijiy davlatga ishga yubormasdan, ushbu pullarni shaxsiy ehtiyojlari va jamiyatning faoliyati uchun maqsadsiz sarflab, yagona qasd bilan qamrab olingan davomli jinoiy harakatlari bilan o‘zganing juda ko‘p, ya’ni 5,6 mlrd. so‘m miqdordagi pullarini egallash jinoiy faoliyati bilan shug‘ullanib kelgan.
Mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish Departamenti Surxondaryo viloyat boshqarmasi tomonidan «International Job Organization – xususiy bandlik agentligi» MChJ direktori Sh.A. va boshqalarga nisbatan JKning 168-moddasi 4-qismi «a» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
10.06.2020 yilda Sh.A. jinoyat ishida O‘zbekiston Respublikasi JKning 168-moddasi 4-qismi «a» bandida ko‘rsatilgan jinoyatni sodir etganlikda gumon qilinuvchi tariqasida ishtirok etishga jalb qilingan.
26.06.2020 yilda jinoyat ishi IIV huzuridagi Tergov departamenti ish yurituviga olingan va MChJning bosh ofisida tintuv tergov harakati o‘tkazilgan hamda tintuv davomida bir qator buyumlar ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olingan.
Jinoyat ishini tergov qilish jarayonida Sh.A. JKning 168-moddasi 4-qismi a» bandida ko‘rsatilgan jinoyatni sodir etganlikda ayblanuvchi tariqasida ishtirok etishga jalb qilinib, unga nisbatan «qamoqqa olish» tarzidagi ehtiyot chorasi tanlangan.
Bugungi kunga qadar jamiyat tomonidan birorta ham fuqaro O‘zbekiston Respublikasidan tashqarida ishga joylashtirilmagan.
Shu o‘rinda, jinoyat ishining ko‘p hajmli ekanligi, respublikamizning barcha viloyatlarida jabrlanuvchilar borligi va dastlabki tergov muddatining o‘tib borayotganligi hamda hozirgi karantin sharoitini inobatga olib, fuqarolarimizning ortiqcha ovoragarchiliklarini oldini olish maqsadida, ulardan o‘zlari yashaydigan tuman, shahar IIBlari huzuridagi Tergov bo‘linmalariga murojaat qilishlari so‘ralgan.
IIV huzuridagi Tergov departamenti tomonidan barcha viloyat IIB huzuridagi Tergov boshqarmalariga Tergov topshiriqlari yuborilgan bo‘lib, ushbu topshiriqqa asosan fuqarolar so‘roq qilib bo‘linganidan so‘ng yetkazilgan zararning aniq miqdori ma’lum bo‘ladi (yetkazilgan zararning jami miqdori hozirgi mavjud zarardan oshishi kutilmoqda).
Hozirgi kunda dastlabki tergov harakatlari davom etmoqda, tergov harakatlari va jinoyat ishi natijasi yuzasidan qo‘shimcha ravishda axborot berib borilishi ta’minlanadi.