15 aprel - Madaniyat va san’at xodimlari kuni sifatida belgilanmoqda
Oliy Majlis Senatining o‘n beshinchi yalpi majlisi kun tartibi doirasida “O‘zbekiston Respublikasi madaniyat va san’at xodimlari kunini belgilash to‘g‘risida”gi qonun muhokama etildi.
Madaniyat vazirligi, “O‘zbekkino” milliy agentligi, O‘zbekiston Badiiy akademiyasi, Yozuvchilar uyushmasi, Kompozitorlari va bastakorlari uyushmasi, Teatr arboblari uyushmasi, Ma’naviyat va ma’rifat markazi hamda keng jamoatchilikning takliflarini hisobga olib, madaniyat va san’atning jamiyatimiz ijtimoiy-ma’naviy hayotida tutgan o‘rnini hisobga olib, soha xodimlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida Qonun bilan 15 aprel O‘zbekiston Respublikasi madaniyat va san’at xodimlari kuni sifatida belgilanmoqda.
Ayna paytda dunyoning ko‘plab davlatlarida ushbu sana Xalqaro madaniyat kuni sifatida nishonlanadi. Xususan, 2008 yildan Italiya, Ispaniya, Rossiya, Argentina, Meksika, Kuba, Latviya va Litva kabi davlatlarda 15 aprel – Xalqaro madaniyat kuni tantana qilinadi.
Mamlakatimizda madaniyat va san’at sohasini rivojlantirish, o‘zbek milliy madaniyati va san’ati nufuzini jahon miqyosida oshirish, yosh iste’dod egalarining qobiliyati va salohiyatini ro‘yobga chiqarish borasida fidokorona mehnat qilgan va yuqori natijalarga erishgan yurtdoshlarimiz aynan mana shu bayram kunida “Madaniyat va san’at fidokori” ko‘krak nishoni bilan takdirlanishi ko‘zda tutilgan.
Qonun yuzasidan Senatning tegishli qarori qabul qilindi.