15 iyundan Samarqanddagi 60 dan ziyod xususiy bog‘chalar faoliyatini boshlaydi

Samarqand shahridagi “Timur-Fayz” nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotida “Karantin choralarining yumshatilishi munosabati bilan maktabgacha ta’lim tashkilotlari faoliyatini qayta tiklash va bosqichma-bosqich rivojlantirish istiqbollari” mavzusida viloyat amaliy seminari o‘tkazildi.

Respublika maxsus komissiyasining qaroriga ko‘ra, 15 iyundan boshlab “yashil” va “sariq” hududlarda xususiy maktabgacha ta’lim tashkilotlari faoliyatiga ruxsat berilgan.

Viloyat maktabgacha ta’lim boshqarmasi va viloyat sanitariya-epidemologik osoyishtalik markazi hamkorligida tashkil etilgan mazkur amaliy seminarda maktabgacha ta’lim tashkilotlari faoliyati xavfsizligini ta’minlashda barcha sharoitlarni yaratish, jumladan, tarbiyalanuvchilarga zarur imkoniyatlarni joriy etish, binolarni zararsizlantirish, kirishda dezinfeksion tunnel o‘rnatish, sanitariya-gigiyena qoidalariga rioya qilish borasida batafsil tushunchalar berildi.

Ko‘rgazmali seminarda viloyatimizda faoliyat yuritayotgan 60 dan ziyod nodavlat maktabgacha ta’lim tashkiloti 15 iyundan o‘z faoliyatini boshlashlarida barcha sanitariya me’yorlariga amal qilishlari shartligi bo‘yicha alohida ko‘rsatmalar berildi.

Guruhlarda bolalar salomatligini ta’minlash maqsadida ijtimoiy masofani saqlash, xonalarni tez-tez shamollatish, o‘yinchoqlarni belgilangan vaqtda zararsizlantirish, ustki kiyim va tibbiy niqoblarni tez-tez almashtirish, pedagog-xodimlar muntazam niqob va tibbiy qo‘lqoplardan foydalanishi zarurligi tushuntirildi.

O‘zaro muloqot, savol-javob tarzida o‘tgan seminarda viloyat maktabgacha ta’lim boshqarmasi boshlig‘i Shuhrat Rahmonov shahar, tuman maktabgacha ta’lim bo‘limi mudirlari 15 iyunga qadar bog‘chalarga borib holatni o‘rganishi, binoda barcha zarur sanitariya-gigiyenik tadbirlarni amalga oshirishi, tibbiy himoya vositalari bilan ta’minlashi lozimligini ta’kidlab, joylarda bu kabi ko‘rgazmali amaliy seminarlar tashkil etish haqida ko‘rsatmalar berdi.

Samarqand viloyati maktabgacha ta’lim boshqarmasi axborot xizmati.