16 dan ortiq do‘kon zararlangan: Narpaydagi yong‘in bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumot berildi

Bir necha kun oldin Narpay tumanida savdo do‘konlarida sodir bo‘lgan yong‘in ijtimoiy tarmoqlarda muhokamalarga sabab bo‘lgandi.

Jumladan, FVB tomonidan berilgan dastlabki ma’lumotda uchta oziq-ovqat do‘koni zararlangani haqdagi ma’lumot haqiqatga zid ekani haqda o‘quvchilar tomonidan izohlar qoldirilgandi.

Bugun Samarqand viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi holat yuzasidan qo‘shimcha ma’lumot berdi.

“5 iyun kuni birlamchi ma’lumotlarga asosan Narpay tumani “Sarbozor” MFYda joylashgan savdo do‘konlarida yong‘in sodir bo‘lganligi, yong‘in natijasida 3 ta savdo do‘konining taxminan 70 kv.m maydoni yonib, zararlanganligi va tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilayotganligi haqida xabar bergan edik.

Bugungi kunda mutaxassislar tomonidan tergovga qadar tekshiruv jarayonlarida ma’lum bo‘lishicha 16 tadan ortiq savdo do‘konlarining taxminan 240 kv.m maydoni yonib zararlanganligi aniqlandi.

Hozirgi kunda tergovga qadar tekshiruv harakatlari va mulk egalari bo‘yicha o‘rganish ishlari davom etmoqda. Bu haqida ma’lumot berib boramiz.

Hozirda tergovga qadar tekshirish ishlari olib borilmoqda”, deyiladi rasmiy ma’lumotda.