16 nafar yoshlar “Nihol” mukofotini olmoqchi

Mumtoz qo‘shiq yo‘nalishini tanlab, bir nechta tanlovlarda faxrli o‘rinlarni egalladim. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining shu yil yosh iste’dodlar uchun o‘tkazilgan “Nihol” mukofoti tanlovida ishtirok etib, avval tuman, keyin viloyat bosqichida g‘olib bo‘lganim ham shunday yutuqlarimdan biri bo‘ldi. Bu natijam orqali ota-onam va ustozlarimning menga bildirgan ishonchini oqladim. Tanlovning respublika bosqichida ham iqtidorimni namoyish qilib, albatta, “Nihol” mukofoti g‘olibligi uchun harakat qilaman.
Bu Samarqand shahar 1-son bolalar musiqa va san’at maktabida 17 yoshdan 25 yoshgacha yigit-qizlar o‘rtasida bo‘lib o‘tgan “Nihol” mukofotining viloyat bosqichida birinchi o‘rinni egallagan kattaqo‘rg‘onlik Farangiz Sanaqulovaning gaplari.
Tadbirda 100 nafar yoshlar mumtoz qo‘shiq, musiqa, estrada, raqs va opera yo‘nalishlari bo‘yicha iste’dodlarini namoyish qildi. Yoshlarning chiqishlari hakamlar hay’ati va malakali mutaxassislar tomonidan baholab borildi. G‘oliblikni qo‘lga kiritgan 16 nafar yoshlar tanlovning respublika bosqichida ishtirok etadi.
Tanlov g‘oliblarini taqdirlash 24 noyabr kuni Samarqand davlat universitetida o‘tkaziladi.
Abdujabbor PO‘LATOV.