172 mahallada Ishtixon namunasi asosida ish olib borilmoqda
Shu yil fevral oyida xonadonbay o‘rganish asosida aholini qiynab kelayotgan muammolarni aniqlash va bartaraf etish, aholi bilan muloqotning yangicha tizimini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha Toshkent viloyati Oqqo‘rg‘on tumanida joriy qilingan tajriba Ishtixon tumanida qo‘llanildi.
Tumandagi 62 ta mahallada 44 ming 393 ta xonadon, 443 ta ijtimoiy va boshqa ob’yektlar o‘rganildi. Natijada 10338 ta muammoli masala aniqlanib, 7462 tasi joyida hal etildi. Qolgan masalalarga ham respublika ishchi guruhi boshchiligida mutasaddi tashkilotlar tomonidan yechim topilmoqda.
Jumladan, qisqa vaqt ichida tumandagi 91,7 kilometr ichki yo‘llar shag‘allashtirildi, 2 kilometr yo‘lga asfalt yotqizildi. 5 ta gaz taqsimlash punkti joriy ta’mirlandi, 64 mingdan ortiq gaz ballon almashtirildi, ehtiyojmand oilalarga 400 ga yaqin yangi gaz ballon yetkazib berildi.
Elektr ta’minotini yaxshilash maqsadida 12 ta yangi transformator o‘rnatildi, 32 tasi ta’mirlandi, 474 dona beton ustunlar qo‘yildi va 13,2 kilometr yangi elektr kabeli tortildi.
Mazkur jarayonda ishsiz aholining bandligini ta’minlash, doimiy daromad manbaiga ega bo‘lishi uchun 258 nafar fuqaro doimiy ishga joylashtirildi, 249 nafari kasb-hunarga yo‘naltirildi, 218 nafari o‘zini o‘zi band qilishi bo‘yicha davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi. 90 nafar ishsizlarga 623 million so‘mlik asbob-uskunalar berildi. 235 nafar fuqaro 6,2 milliard so‘m imtiyozli kredit, 266 nafar talabaga 2,3 milliard so‘m ta’lim krediti ajratildi.
Bundan tashqari, ta’lim, tibbiyot, tadbirkorlik bo‘yicha ham aholi roziligiga qaratilgan bir qator ishlar amalga oshirildi.
“Oqqo‘rg‘on tajribasi” Ishtixonda o‘z samarasini bergach, viloyatning boshqa hududlarida aholi muammolari bilan ishlashda ham shu tarzda faoliyat olib borish belgilandi.
20 fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi G‘.Mirzayev hamda viloyat hokimi E.Turdimov ishtirokida Ishtixon tumanida aholi muammolari va ijtimoiy-iqtisodiy masalalarni bartaraf etish borasidagi ishlar tahlil etilganda viloyatning boshqa shahar va tumanlaridagi 172 ta mahallada Ishtixon namunasi asosida fuqarolar tomorqalaridan unumli foydalanish, sanitariya holatini yaxshilash va mahalla hududini obodonlashtirishga ko‘maklashishga qaror qilindi.
Shundan so‘ng hokimliklar va sektorlar mas’ullari, mutasaddi tashkilotlar bilan birga bu vazifalar ijrosiga kirishilib, ayni vaqtga qadar 172 mahalladagi 7913 nafar ishsiz fuqarodan 2695 nafarining bandligi ta’minlandi. 134 oilaning uy-joyi ta’mirga muhtojligi aniqlanib, ularga ham amaliy yordam ko‘rsatildi. Viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi va tibbiyot birlashmalari tomonidan mahallalarda ko‘riklar tashkil etilib, 11 ming nafarga yaqin fuqaro tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Ko‘riklar natijasiga ko‘ra, aniqlangan xastaliklarni davolash uchun 1293 kishiga shifoxonalarga yo‘llanma berildi, 39 nafar bemorda jarrohlik amaliyoti o‘tkazildi. Shuningdek, 58 nafar fuqaroga nogironlik aravachasi, 35 kishiga protez-ortopediya vositalari hamda 1926 nafar bemorga bepul dori-darmon tarqatildi.
Mahallalardagi shu paytgacha tuproq yo‘l bo‘lgan ichki yo‘llarning 191 kilometr qismi shag‘allashtirildi. 26 kilometr yo‘lga asfalt qoplamasi yotqizildi. Bugun eng dolzarb masala bo‘lgan aholining elektr energiyasi bilan ta’minlashni yaxshilash maqsadida 175 ta transformator ta’mirlanib, 689 ta yangi temir-beton ustunlar o‘rnatildi.
Bundan tashqari, 172 mahallada kechayotgan obodonlashtirish ishlari davomida shu paytgacha 57 ming tupdan ortiq mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari o‘tqazildi, ariqlar tozalandi. Xonadonlar atrofidagi 409 ta noqonuniy qurilmalar buzildi.
Misol uchun, Qo‘shrabot tumanidagi Shavona, Mayintepa, Sorgigul, Toz singari 9 mahallasida o‘rganish va amaliy ishlar davomida 416 nafar fuqaroning ishsizligi aniqlandi. Hozirgacha ulardan 15 nafarining bandligi ta’minlandi. Uy-joyga muhtoj, o‘ta og‘ir sharoitda yashayotgan 9 nafar fuqaroning turar joyi ta’mirlanmoqda. Mahallalar hududiga 800 tup daraxt ko‘chatlari o‘tqazildi. 150 ga yaqin tomorqaga ishlov berilib, aholiga sabzavot urug‘lari va ko‘chatlar tarqatildi.
Shu kabi ishlar Toyloq tumanidagi 18 ta, Paxtachidagi 16 ta, Samarqand shahridagi 15 ta, Nuroboddagi 12 ta va boshqa tumanlardagi mahallalarda amalga oshirilmoqda.
M.TURDIYeV,
viloyat Xalq qabulxonasi mudiri.