18-19 avgust kunlari viloyatimizdagi ayrim joylarda sel kelish xavfi e’lon qilindi
Respublika Gidrometeorologiya xizmati agentligi taqdim etgan tezkor ma’lumotga ko‘ra, shu yilning 18-19 avgust kunlari kutilayotgan kuchli yog‘ingarchilik oqibatida respublikamizning ayrim joylarida shamol tezligi 15-20 m/s kilometr/soatgacha kuchayishi, kuchli yog‘ingarchilik bo‘lishi mumkin.
Kutilayotgan yog‘ingarchilik sababli tog‘li va tog‘oldi hududlarda, jumladan, viloyatimizning Urgut, Samarqand, Bulung‘ur, Nurobod, Qo‘shrabot, Kattaqo‘rg‘on, Payariq, Jomboy, Ishtixon tumanlarida sel-suv hodisalari yuzaga kelishi ehtimoli bor.
Shundan kelib chiqib, sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan favqulodda vaziyatlarning oldini olish va yuzaga kelganda ularning oqibatlarini bartaraf etish hamda xavfsizlikni ta’minlash maqsadida barchadan hushyorlik talab etiladi.
18-19 avgust kunlari viloyat, shahar va tumanlar favqulodda vaziyatlar boshqarma va bo‘limlari hamda uning hududiy quyi tizimiga kiruvchi kuch va vositalarining 24 soatlik navbatchiligi tashkil etiladi.
Agarda joylarda sel va suv toshqini oqibatlari bilan bog‘liq holatlar kuzatilsa, viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasi va tumanlardagi bo‘limlaridagi tezkor boshqaruv markazining navbatchi-dispetcherlik xizmatiga xabar qiling.