"Kommunal xizmatlar borasida aholida e’tiroz qoldirmaslikka harakat qilamiz"
Bugungi kunda Samarqand viloyatida 2300 dan ortiq ko‘p qavatli uy-joylar bo‘lib, ularda qariyb 84 mingga yaqin xonadon joylashgan. Mazkur uy-joylarga 43 ta boshqaruv servis kompaniyalari va 16 ta uy-joy mulkdorlari shirkati tomonidan xizmat ko‘rsatib kelinmoqda. Jumladan, Samarqand shahrida 20 ta, Kattaqo‘rg‘on shahrida 6 ta, Payariq tumanida 2 ta, Ishtixon, Bulung‘ur, Jomboy kabi boshqa tumanlarda 1 tadan boshqaruv servis kompaniyalari tashkil etilgan.
So‘nggi yillarda kommunal xizmatlar bozoriga professional boshqaruvchi tashkilotlar kirib keldi. Aholining talab va ehtiyojlaridan kelib chiqib, ular tomonidan ko‘rsatiladigan xizmat turlari ham ko‘paydi. Jumladan, boshqaruv servis kompaniyalari faoliyatiga bo‘lgan munosabat yaxshilanib bormoqda.
Ko‘p qavatli uy-joylarga servis xizmati ko‘rsatishda boshqaruv tashkilotlariga davlat tomonidan texnika va asbob-uskunalar xaridi uchun imtiyozlar berilmoqda. Samarqand shahridagi 58 ta uy-joy mulkdorlari shirkatlari boshqaruvida bo‘lgan ko‘p kvartirali uylar “Biotexservic” boshqaruv servis kompaniyasiga o‘tkazilgan edi. Hozirda ushbu tashkilot tomonidan shahardagi 343 ta ko‘p qavatli uylarga tunu kun xizmat ko‘rsatib kelinmoqda.
Joriy yil boshqaruv servis kompaniyalari hisobidan jami 189 ta ko‘p kvartirali uy-joylarni mukammal va joriy ta’mirlash rejalashtirilgan. Shundan, 96 ta uyning 119,6 ming kvadrat metr tom qismi, 156 ta kirish yo‘lagi, 96 ta elektr щitlar, 111 ta kodli qulfli va temir eshiklar o‘rnatish, 24 ta uyning yerto‘lasidagi muhandislik-kommunikatsiyalari, 14 ta uy ichidagi muhandislik tarmoqlari, 28 ta uyning fasad qismini ta’mirlash ishlari ko‘zda tutilgan.
Bundan tashqari, Vazirlar Mahkamasining 2020 yildagi “2021-2027 yillarda respublikadagi ko‘p kvartirali uylarning lift uskunalarini ta’mirlash va yangilashga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga asosan shu paytgacha viloyatdagi 1991 yilga qurilgan 17 ta ko‘p kvartirali uyning 42 ta lift uskunalari yangilangan bo‘lsa, joriy yilning o‘zida Samarqand shahridagi 17 ta uyning 42 ta lift uskunalarini almashtirish rejalashtirilgan.
Oldimizda turgan maqsad-vazifalarni to‘la-to‘kis bajarish uchun esa uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish sohasi xodimlaridan fidokorlik talab etiladi. Viloyatdagi barcha kommunal xizmat xodimlarini kasb bayrami bilan tabriklayman!
Bahodir NEGMATOV,
Viloyat qurilish va uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari.