18 nafar fuqaro nomiga yuborilgan jo‘natmalar ichidan  333 quti sifatsiz dori vositalari borligi aniqlandi

«Toshkent-Aero» ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksining «Aviayuklar» tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona posti xodimlari xorijdan yurtimizga keltirilgan pochta jo‘natmalarini o‘rnatilgan tartibda “Rapiscan” rentgen apparati yordamida bojxona ko‘rigidan o‘tkazishdi.

Tekshiruv davomida 18 nafar fuqarolar nomiga yuborilgan pochta jo‘natmalari orasida tegishli bojxona deklaratsiyasida ko‘rsatilmagan, umumiy qiymati 67 million so‘mlik 333 quti sifati kafolatlanmagan dori vositalari borligi aniqlandi, deb xabar berdi DBQ axborot xizmati.

Mazkur dori vositalari O‘zbekiston Respublikasi Bojxona kodeksining 167-moddasiga binoan yuk kuzatuvchi, ya’ni tijorat hujjatlarida to‘liq ko‘rsatilishi kerak edi. Ammo hujjatlarda aks ettirilgan ma’lumotlar va tovarlar o‘rtasida nomuvofiqlik bo‘lganligi sababli ular shaxsiy ehtiyoj uchun emas, aksincha, tijorat maqsadida olib kirilgan, deb topildi va hozirda ushbu dori vositalari «Toshkent-Aero» ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksi tomonidan vaqtincha saqlovga olinib, tergovga qadar tekshiruv xarakatlari olib borilmoqda.

Ta’kidlash joizki, Vazirlar Mahkamasining 8 iyun 2016 yildagi 191-sonli qaroriga muvofiq jismoniy shaxslar tomonidan yashash yoki bo‘lish mamlakati tibbiyot muassasasi tomonidan berilgan hujjat taqdim etilmasdan, shaxsiy foydalanish uchun turli nomdagi 10 tagacha dori preparatlaridan iborat dori vositalari va ularning har biri uchun 5 o‘ramdan ortiq bo‘lmagan dori vositalari olib kirilishi va olib chiqilishi mumkin.