19 iyun – Jahon bolalar futboli kuni
Zamonaviy tibbiyot xulosalariga ko‘ra, sport, xususan, futbol bilan shug‘ullangan bola sog‘lom va baquvvat bo‘lib o‘sadi. Aql-idroki rivojlanadi, hamjihatlikni, jamoa bo‘lib harakatlanishni o‘rganadi. Bunday fazilatlar esa shubhasiz, murg‘ak qalblarda ezgulik tushunchalarining mustahkam qaror topishiga xizmat qiladi. Shu bois ham “millionlar o‘yini”ning ommalashishi alohida ahamiyatga ega.
BMTning Bolalar jamg‘armasi (YuNISEF) hamda Xalqaro futbol assotsiatsiyalari federatsiyasi (FIFA) kelishuviga asosan, 19 iyunning “Jahon bolalar futboli kuni” deb belgilangani bejiz emas. Mazkur sana munosabati bilan butun dunyoda o‘tkaziladigan sport tadbirlari, musobaqalar orqali jahon hamjamiyati e’tibori yana bir karra yosh avlodni qo‘llab-quvvatlash, rag‘batlantirishga qaratiladi.
O‘zbekistonda ham ushbu kun an’anaviy tarzda keng nishonlanadi. Bolalarga katta g‘amxo‘rlik qilinadi. Lekin diqqatga sazovor jihati shundaki, yurtimizda ertamiz egalariga ko‘rsatiladigan mehr va e’tibor faqat biror-bir sanadagina emas, balki yil bo‘yi davom etadi. Darhaqiqat, Prezidentimiz rahnamoligida sportni rivojlantirishga davlat siyosatining eng muhim ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida ahamiyat qaratila boshlandi.
Natijada futbolimiz mavqei ham tom ma’noda yangi, taraqqiyot bosqichiga ko‘tarildi. Bu albatta, yaratib berilgan mustahkam huquqiy va moddiy asos bilan bevosita bog‘liq. Jumladan, o‘tgan vaqt mobaynida futbol klublarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, stadionlarni FIFA talablariga muvofiqlashtirish, jahon va qit’a chempionatlari, xalqaro musobaqalarda O‘zbekiston sharafini munosib himoya qilishga qodir bo‘lgan mahoratli futbolchilarni tayyorlash, qolaversa, mamlakatimiz futbolining ommaviylik darajasini oshirish maqsadida qator hujjatlar qabul qilindi.
Ushbu hujjatlarga muvofiq, futbol bo‘yicha maktab-internatlar, bolalar va o‘smirlar maktablari, professional futbol klublari va terma jamoalarda o‘quv-mashq jarayonini yaxshilash, futbolchilar, murabbiylar hamda hakamlarning mahorat va malakasini yuksaltirish, stadionlar qurish, mavjudlarini talab darajasida ta’mirlash bo‘yicha ulkan ishlar amalga oshirilmoqda.
Tabiiyki, bu kabi ezgu sa’y-harakatlar o‘zining yuqori samaralarini beryapti. Mamlakatimizning barcha joylarida “millionlar o‘yini” tobora ommalashib, yosh iqtidorlar kashf etilayotir. Ular asosida shakllantirilayotgan terma jamoalarimiz nufuzli xalqaro musobaqalarda Vatanimiz sharafini munosib himoya qilmoqda.
Fazliddin ABILOV.