20 yoshli qiz 4 oylik farzandini sotayotganda qo‘lga tushdi

Joriy yilning 12 dekabr kuni Andijon viloyati IIB hamda DXX viloyat boshqarmasi xodimlari bilan hamkorlikda olib borilgan tezkor-tadbir davomida Jalaquduq tumani Tuyalas MFYda yashovchi 20 yoshli Dilfuza K., o‘zining farzandi 2020 yil 15 avgust kuni tug‘ilgan o‘g‘lini Bozorboshi MFY ko‘chasida joylashgan “Gap” kafesida xaridor sifatida jalb qilingan fuqaroga kimyoviy ishlov berilgan 5200 (besh ming ikki yuz) AQSh dollari pullar evaziga sotayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Tezkor tadbir davomida Dilfuza K.dan kimyoviy ishlov berilgan 5200 AQSh dollari miqdoridagi pul mablag‘lari ashyoviy dalil sifatida xolislar ishtirokida rasmiylashtirib olingan.

Mazkur holat yuzasidan Jalaquduq tumani IIB huzuridagi tergov bo‘linmasi tomonidan Dilfuza K.ga nisbatan JKning 135-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va u gumon qilinuvchi tariqasida ishtirok etishga jalb qilinib so‘roq qilingan.

IIV huzuridagi Tergov departamentining xabar berishicha, hozirda jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki tergov olib borilmoqda.