Turmushga chiqmagan ayol 6 oylik chaqalog‘ini 1,9 million so‘mga sotib yuborgani aniqlandi

Namangan viloyati IIB matbuot xizmatining xabar berishicha, 23 oktyabr kuni Chortoq tumani va Namangan shahar ichki ishlar organlari xodimlari hamkorligida tezkor tadbir o‘tkazilgan. Tadbir davomida viloyatning Chortoq tumanida yashovchi, 1999 yil tug‘ilgan ayol 2020 yil 18 may kuni dunyoga keltirgan qiz chaqalog‘ini Chortoq tumanida yashovchi, 1969 yil tug‘ilgan fuqaroga 1,9 million so‘mga sotib yuborgan.

Farzandini sotgan ayol hali turmushga chiqmagan bo‘lgan.

Holat yuzasidan Chortoq tumani IIB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 135-moddasi 3-qismi (o‘n sakkiz yoshga to‘lmaganligi aybdorga ayon bo‘lgan shaxsga nisbatan sodir etilgan odam savdosi) bilan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan.