Avval ham bir o‘g‘lini sotib yuborgan ayol 3 yoshli o‘g‘lini 4 ming dollarga sotayotganda qo‘lga olindi
Ichki ishlar vazirligi hamda Toshkent viloyati IIB xodimlari hamkorligida 24 yanvar kuni o‘tkazilgan tezkor tadbirda Qo‘qon shahrida yashovchi M.Q. tanishi Z.Q. bilan birga Nurafshon shahriga kelib M.Q.ning 2018 yilda tug‘ilgan o‘g‘li (A.A.) ni shartli xaridorga 4 ming dollar evaziga sotayotgan vaqtida ushlangan. Bu haqda Toshkent viloyati IIB axborot xizmati xabar berdi.
Olib borilgan dastlabki surishtiruv ishlari davomida M.Q. avval ham shu kabi holatni sodir etib, uchinchi farzandi 2016 yilda tug‘ilgan o‘g‘li (M.Q.)ni moddiy manfaat evaziga berib yuborganligi aniqlangan.
Tezkor tadbirdan so‘ng A.A.ning salomatligi ko‘rikdan o‘tkazilib, otasiga qaytarilgan. Suhbat davomida bolaning otasi ayoli M.Q. uni aldab, bolasini uydan olib chiqib ketganini, bundan xabari bo‘lmaganini va qattiq taassufda ekanligini bildirgan.
Hozirda mazkur holat yuzasidan Toshkent viloyati IIB huzuridagi tergov boshqarmasi tomonidan fuqarolar M.Q. va Z.Q.larga nisbatan Jinoyat kodeksining 135-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.