4 yoshli farzandini 25 mln so‘mga sotmoqchi bo‘lgan ayol ushlandi

Chiroqchi tumanida ro‘yxatida turib, Shahrisabz shahrida vaqtincha yashovchi (ism-familiyalar o‘zgargan) 35 yoshli Asila Achilova va Kitob tumanida doimiy ruyxatda turib, vaqtincha Shahrisabz shahri “Laylakon” mahallasida yashovchi 43 yoshli Amira Adilova Asilaning 4 yoshli o‘g‘li Toirov To‘lqinni sotishga qaror qiladi.

Bu holatdan xabar topgan Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Qashqadaryo viloyati boshqarmasi, viloyat IIB, Shahrisabz tumani IIB va DXX xodimlari tomonidan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda Asila Achilova va Amira Adilova Toirov To‘lqinni Shahrisabz tumani “Loliston” mahallasida joylashgan umumiy ovqatlanish shoxobchasida xaridorga 25.000.000 so‘m evaziga sotayotganda qo‘lga olindi. Bu haqda Qashqadaryo viloyati IIB xabar berdi.

O‘yga tolasan kishi, ona o‘z jigargo‘shasini pullash evaziga nimaga erishmoqchi bo‘lgan?! Endi ona farzandi voyaga yetganda uning yuziga qanday qaraydi. El ichida qanday bosh ko‘tarib yuradi. Bu savollarga, albatta, vaqt o‘z javobini beradi. Nima bo‘lganda ham huquq-tartibot idoralari xodimlarining ziyrakligi va tezkor xatti-harakati bois jinoyatchilar “issiq izlar”da qo‘lga olindi.