2017 yilda viloyatimizdan 27 kishi O‘zbekiston fuqarosi bo‘ldi
Farzandlarini elga munosib insonlar etib tarbiyaladi. Oilasi tinch, qo‘ni-qo‘shni orasida hurmati bor. Lekin fuqarolik pasportiga ega emasligidan ko‘nglidagi bu kemtiklikni hech narsa to‘ldira olmas edi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2017 yil 28 noyabrdagi farmoniga ko‘ra, bir qator yurtdoshlarimiz qatori Gulzina Ahmedova ham O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligiga qabul qilindi.
Yangi yil bayrami arafasida viloyat hokimligida Gulzina opa va yana besh kishiga O‘zbekiston Respublikasi fuqarolik pasporti tantanali topshirildi.
Viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari Sh.Xudoyberdiyev O‘zbekiston fuqaroligiga qabul qilingan yurtdoshlarimizni pasport va Yangi yil bilan tabrikladi.
Viloyat ichki ishlar boshqarmasi migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish boshqarmasi boshlig‘i, polkovnik B.Aliyevning ma’lum qilishicha, 2017 yilda viloyatdan 27 kishiga Prezidentimiz farmoniga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligi berilgan. Yil davomida fuqarolik berishni so‘rab 420 dan ortiq kishi murojaat qilgan. Ularning hujjatlari tegishli tartibda ko‘rib chiqilmoqda.
Shu kuni Samarqand shahar IIB migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘limi mas’ul xodimlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyevning "O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining yigirma besh yilligi munosabati bilan afv etish to‘g‘risida"gi Farmoniga ko‘ra, jazodan ozod etilgan 5 nafar fuqaroga, ularning xonadoniga borib, yangi pasportni tantanali ravishda topshirdi.